Doston Turdiev: Raqibim "Terminator" ekan
Ma’lumki, 6 oktyabr kuni poytaxtimizda professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Mazkur jang kechasida bir qator bokschilarimiz o‘z muvaffaqiyatlarini nishonlashdi. Jumladan, havaskor boksda uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Doston Turdiev ozarbayjonlik Elvin Oxunzodani mag‘lubiyatga uchratdi. Mubolag‘a bo‘lmasa agar, mazkur bokschilar o‘rtasidagi jangni AQSh ringlarida ham kamdan-kam uchratasiz. Bunga bevosita ushbu qrama-qarshilikni arenadan va televideniya orqali tomosha qilganlar guvoh bo‘ldilar. Doston jangda juda katta ustunlikka erishgan bo‘lsada, raqibi juda matonatli, zarba ko‘taradigan charmqo‘lqop ustasi bo‘lib chiqdi. Qolaversa, ajoyib zarbaga ham ega ekan. Xullas, biz Doston Turdievning jang borasida, raqib va oldinda turgan rejalar xususida bir-ikkita savol bilan murojaat qildik.
Jangda to‘liq 6 raund ishladingiz. Odatda profidagi faoliyatingiz mobaynida bunday holat kamdan -kam bo‘lgandi...
- Nimaga sha’ma qilganingizni tushundim. Avvalo, barcha boks muxlislariga, bizni faoliyatimizga befarq bo‘lmagan insonlarga, qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Albatta, jang to‘liq davom etdi. Lekin guvohi bo‘lgan bo‘lsangiz katta ustunlik bilan harakat qildim. Faqatgina uni yiqita olmadim holos. Chunki, Elvin ham juda tajribali va chidamli ekanligiga amin bo‘ldim. Chunki bu borada xabarim bor edi. Sababi, avvalgi jangida ham ko‘rgandim. Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida tashkil etilgan boks kechasida mezbon bokschi bilan to‘liq 8 raund ishlagandi. Buning o‘ziga yarasha ijobiy jihati ham mavjud. Chunki, faoliyatimiz mobaynida juda jiddiy raqiblarga to‘qnash kelamiz. Nasib qilsa 10-12 raundlik janglarda ishtirok etishimiz mumkin. Iloji boricha saviyali raqiblar bilan to‘liq raundlar o‘tkazganimiz ulkan tajriba bo‘ladi.
Raundlar mobaynida ko‘zingiz ostidan jarohat olgan edingiz?
- Ha. Raqibimning boshi ikki marotaba tekkandi. Shuning natijasida bu jarohatni orttirib oldim. Bu boksdagi tabiiy holat. U qadar jiddiy emas. Deyarli tuzalib bo‘ldi.
- Sizlarning jangingiz tom ma’noda arenani “portlatib” yubordi. Buni his qildingizmi?
- Albatta. Bunday holat faoliyatim mobaynida ham juda kam uchragan. Chunki, har raundda yiqiladigan holatga keldi. Lekin qanchalik urinmay oyoqda tik tura oldi yoki bong qutqarib qoldi. Bir so‘z bilan aytganda raqibim "Terminator" ekan. Qolaversa, Elvin ham ajoyib zarbalar yo‘lladi. Qisqasi tomoshabinlarga chiroyli jang hadya etganimizdan xursandman.
- Navbatdagi jang borasida ham gap-so‘zlar bordir?
- Hozircha biror bir fikr bildira olmayman. Lekin murabbiyim Nabijon Ismonov bu borada o‘z harakatlarini boshlagan. O‘ylaymanki tez orada bunga ham oydinlik kiritiladi.

Fikrlar