
EChL. “Chelsi” - “Sevilya”: Prevyu
UEFA Chempionlar Ligasi 2020/2021 yilgi mavsumi boshlanish arafasida. Start sanasidanoq, finalga teng uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Buni turnir nomi ham ko‘rsatib turibdi, bu - Chempionlar Ligasi. Bu musobaqada harakat qilayotgan jamoalarning aksariyati chempionlik nashidasini bir marotaba bo‘lsa ham surgan. Xoh xalqaro, xoh milliy chempionat bo‘lsin, bir marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa ulkan o‘sishga erisha oladi.
Bugungi o‘yinlar orasida eng markaziy bellashuvlardan biri - “Chelsi” va “Sevilya” to‘qnashuvi. Evropa Ligasining so‘nggi ikki yildagi chempionlari g‘oliblik uchun to‘p tepadi. Qaysidir jihatdan, ushbu jamoalarning ligalaridagi holatini bir-biriga qiyoslash mumkin. Ikkisi ham so‘nggi mavsum oralig‘ida katta o‘sishga erishdi. “Chelsi” bir nechta qimmatbaho futbolchilar, “Sevilya” esa o‘ziga mos, qimmatbaho murabbiy bilan kuchaydi. Xo‘sh, futboldagi ikki unsur to‘qnashuvida g‘olib kim bo‘ladi? Biz o‘z taxminimizni bildiraveramiz, ammo barcha narsa maydonda hal bo‘ladi.
“Chelsi”
Yangi mavsum avvalida “aristokratlar” juda aqlli transferlarni amalga oshirgandek ko‘rindi. Aslida-chi? Aslida ham shunday, ammo Xaverts o‘z summasiga arzirli ish bajarmayapti. Verner so‘nggi turda dubl qayd etdi. Ushbu ikki golni yuksak mahorat bilan ijro etdi. Shunchaki, qoyil! Xaverts gol urayotgan, paslar berayotgan bo‘lsa ham, o‘yini 80 mlnlik emas. Londonliklar o‘tkazib yuborgan gollarning biri aynan uning xatosi sabab kiritildi. Golni ham Timoning uzatmasidan so‘ng, bo‘sh darvozaga yo‘lladi.
Yana bir yangi futbolchi Ziesh esa shu kuni APLda debyut qildi. Bir nechta vaziyatda burchak zarbalarini ijro etganini aytmasa, marokashlik xavbek umuman yo‘qolib qoldi.
Tyagu Silvaning maydonga tushirilmayotgani ham ajablanarli holat. Mendi jarohatidan tezroq qaytmasa, Kepa bilan Lempard jamoasi uzoqqa bora olmaydigan ko‘rinadi.
Eng muvaffaqiyatli xarid sifatida esa, Ben Chiluell e’tirof etilmoqda. Chap qanot loteral himoyachisi juda foydali harakatlari bilan Markos Alonsoni zaxiraga mixladi. Ispaniyalik tajribali himoyachining bosh murabbiy bilan munosabatlari keskinlashgani ham asosiy tarkibdagi o‘rnini boy berishiga sabab bo‘ldi. Alonsoga yozgi transferlar oynasida va undan avvalroq, “Inter” unga xaridor bo‘layotgandi. Keyinchalik, “nerradzurilar” Aleksandr Kolarov bilan qanot himoyasidagi ehtiyojini yopdi. “Kastilya” tarbiyalanuvchisi esa, londonliklar zaxirasida qolib ketdi.
Taxminiy tarkib: Mendi, Aspilikueta, Tyagu Silva, Zuma, Chiluell, Jorjino, Kante, Pulishich, Xaverts, Maunt, Verner.
Ishtirok eta olmaydi: Markos Alonso, Gilmor.
So‘roq ostida: Ziesh, Mendi.
“Sevilya”
Andalusiyaliklarda notekis o‘yinlar ketma-ketligi kuzatilmoqda. Ayniqsa, hakamlar bilan kelisha olmayapti. Qizil kartochkalar jamoa natijalarini orqaga qarab olib ketyapti. “Granada”ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatni ancha oddiy qabul qilish mumkin. Sababi, ushbu jamoa futbol ommasining katta qismi nazarida kichkina jamoadek tuyulsa ham, joriy mavsumda Evropa Ligasida ishtirok etadi. Soldado granadaliklar o‘yiniga anchagina qo‘sha oldi va jamoa bugun yuqori pozitsiyalar uchun kurashmoqda.
“Barselona”ga qarshi o‘yin uchun ularga hurmat bilan qarasa arziydi. To‘g‘ri, kataloniyaliklarda yangi jamoa shakllantirilyapti. Ammo baribir istalgan paytda “blaugranas” dunyoning har qanday jamoasiga qarshi xavfli.
“Sevilya”da transferlar bo‘lmadi. Aksincha, Lopetegi jamoasidan Regilon ketdi. Uning o‘rnida tajribali Serxi Eskudero o‘ynamoqda.
Ispanlar Evropa Ligasining tom ma’nodagi qiroliga aylanib ulgurdi. Endi Chempionlar Ligasida o‘z so‘zini aytish pallasi keldi.
Taxminiy tarkib: Bunu, Navas, Karlos, Akunya, Fernando, Rakitich, Jordan, Okampos, Suso, De Yong.
Murabbiylar
Frenk Lempard: “Eng kuchlilarga qarshi o‘ynash sening tajribangni oshiradi. Biz o‘tgan mavsumda “Bavariya”ga to‘qnash keldik va etarlicha tajriba to‘pladik.
Kontsentratsiyani ushlay bilish “Sevilya” kabi raqiblarga qarshi bahslarda juda kerak bo‘ladi. Men ishlashda davom etishimiz lozimligi va shakllangan jamoani qurish uchun vaqt talab qilinishini ta’kidlashdan charchamayman. Biz ba’zi yangi futbolchilarning xizmatidan foydalanmoqdamiz. Bizning oldimizda turgan har bir o‘yin bu - o‘rganishimiz lozim bo‘lgan saboqdir”.
Xulen Lopetegi: “Biz oldimizda kutib turgan bahs haqida o‘ylar ekanmiz, xursandchilikdan boshqa tuyg‘uni his qila olmaymiz. Katta turnirda juda katta jamoaga duch kelyapmiz. Ularda kuchli tarkibga ega yaxshi jamoa mavjud. O‘z navbatida, murabbiyni ham e’tirof etish joiz. Unda o‘z jamoasiga kerakli bo‘lgan futbol falsafasi va bilimi bor
Doim o‘yin darajasini hisobga olib kelganmiz. Ammo har qanday holatda ham, o‘z g‘oyalarimizga tayanamiz”.
Xulosa o‘rnida
Jamoalarning o‘z ligalaridagi holatlariga qarab, mezbonlarda kichik ustunlik borligini ko‘rishimiz mumkin. “Sevilya”da chap qanot himoyasi masalasida kichik muammo mavjudligini ko‘rdik. Eskuderosiz ushbu jamoa himoyasi yana ham qiyin ahvolda qoladi. Shuningdek, so‘nggi turlarda ko‘p qizil kartochka olayotgan andalusiyaliklarning holatini asabiy, deb baholash ham mumkin.
“Chelsi”da so‘nggi pallagacha kurashish hislatlari etishmayapti. Ular bir necha marotaba g‘alabani qo‘ldan boy bergan holatlarni ko‘rdik. Demak, Lopetegi bu jihatga yaxshigina e’tibor qaratishi aniq. “Stemford Bridj”dan natija bilan qaytish uchun oxirigacha kurashish lozim.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar