Eldor Sakaev: "Muxlislar uchun eng yaxshi sovg‘a - bu g‘alaba"
Eldor Sakaev Superligada "Andijon" bosh murabbiyi sifatidagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
«Andijon» jamoasi uchun «Coca-cola» Superliganing 5-tur doirasida «Nasaf»ga qarshi kechgan uchrashuvi chinakamiga bayramona ruhda o‘tdi. Bungacha hali g‘alaba nimaligini bilmay kelayotgan andijonliklar yangicha qiyofa kasb etgan «Sog‘lom avlod» stadionidagi ilk ochilish uchrashuvida ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritib, andijonlik muxlislarni quvontirishdi. Buning ustiga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham o‘sha kuni futbolchilarni ajoyib g‘alaba bilan tabriklab, muxlislar oldida munosib ravishda rag‘batlantirdi. Bir so‘z bilan aytganda, viloyat hokimining futbolga qaratayotgan katta e’tibori tufayli Andijonda muxlislarning yana oldingidek futbolga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. «Nasaf»ga qarshi o‘yin va undagi qozonilgan g‘alaba esa andijonliklarga chinakamiga bayramona kayfiyat ulashdi. Jamoa bosh murabbiyi Eldor Sakaev esa ilk g‘alabadan so‘ng jamoasining shunday g‘olibona ruhini saqlab qola olishi darkor. Eldor Usmonovich esa bir qator masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Nasaf» ustidan qozonilgan g‘alaba barchamizni quvontirdi»
- Yangilangan arenada «Andijon» ishqibozlarini ishonchli g‘alaba bilan quvontirganimizdan xursandman. Andijon viloyati ahlini va klubni erishilgan yutuq bilan samimiy muborakbod qilmoqchiman. Albatta, «Nasaf» - juda kuchli klub. Jamoa tarkibida yaxshi ijrochilar jamlanishgan. Uni esa yaxshi mutaxassis boshqarmoqda. Shunday raqib ustidan g‘alaba qozonish kishini quvontirmasdan qolmaydi. Futbol shunday o‘yinki, biroz diqqatingni yo‘qotadigan bo‘lsang, qiyin ahvolga tushib qolasan. To‘g‘ri, hisobni birinchi bo‘lib biz ochdik. Ammo ko‘p o‘tmay raqiblarga o‘rtadagi tiklash imkonini berdik. Lekin ichki imkoniyatlarimizdan kelib chiqqan holda va stadionga tashrif buyurgan ishqibozlarimiz daldasi bilan hammasini o‘z iziga soldik. Andijonda katta futbol bayrami edi. Shuning uchun Andijon xalqini g‘alaba bilan xursand etishimiz kerak edi. Shu bois futbolchilarda bosim ham katta bo‘ldi. Yana bir bor Andijon viloyati ahlini erishilgan g‘alaba bilan tabriklayman. O‘z navbatida o‘yinning qiziqarli kechishiga sababchi bo‘lgan mehmonlarga ham minnatdorlik bildirib qolaman. Ularga kelgusi uchrashuvlarda omad yor bo‘lishini istayman. Bevosita «Andijon»ga to‘xtaladigan bo‘lsam, o‘yinimizning bir qancha jihatlarini yaxshilash ustida ishlashimiz kerakligini ko‘rdim.
«Futbolchilarim katta bosimni ko‘tara olishdi»
- Albatta, yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘tkazib yuborilgan javob golidan keyin yigitlar ma’lum vaqt fikrlarini bir joyga jamlay olmasdan qoldilar. O‘yinimizning bir qancha jihatlarini yaxshilashga extiyoj sezayotganimiz borasida shunga ham ishora qilib o‘tdim. Qolaversa, bugun Andijonda katta futbol bayrami bo‘lgani tufayli jamoamiz a’zolari zimmasida ulkan mas’uliyat hissi yotgandi. Axir muxlislar klubning Superligadagi ilk uy o‘yinini orziqib kutgandilar. Bunday mahalda ular uchun eng yaxshi sovg‘a jamoa erishgan g‘alaba bo‘ladi. Muhimi, yigitlarimiz shuni his qilgan holda to‘p surishdi va yakunda g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Tanaffus chog‘ida ularni etarli darajada ruhlantirishga harakat qildim. Hayajonlarini biroz bosgan holda to‘p surishlari kerakligini alohida ta’kidladim. Ko‘rgan bo‘lsangiz, yigitlarimizda xavfli vaziyatlarni oxiriga etkazishda biroz ishonch etishmadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham futbolchilarimiz katta bosimni ko‘tara olishdi va juda kerakli bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Buning uchun ulardan juda minnatdorman.
«Doim hujumkor o‘yin tarafdoriman»
- Hammaning o‘z fikri bor. Lekin oldidan nima bo‘lishini hech kim bilmaydi, faqat Xudo biladi. Doim natija o‘yindan keyin bilinadi. Har bir murabbiyning o‘yinni tashkil etish borasida o‘z falsafasi va g‘oyalari bo‘ladi. Biz «Nasaf»ga qarshi uchrashuvni g‘alaba bilan tamomlash maqsadida o‘tkazdik. Albatta, bu gapimni biroz noto‘g‘ri tushunmasligingizni so‘rab qolaman. Har bir murabbiy kabi men ham o‘yinlarni iloji boricha qoniqarli natija bilan tamomlash payida bo‘laman. Lekin ko‘pincha vaziyatdan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, har bir futbolchining kuchli va kuchsiz tomonlari bor. Murabbiy shogirdlaridagi kuchsiz jihatlarini yo‘qotishga harakat qiladi. Ha, biz hisobni ushlab qolish uchun o‘ynadik. Bundan keyin ham yaxshi o‘yin namoyish etishga harakat qilamiz. Unutmaslik kerakki, jamoa tarkibida yangi o‘yinchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘zaro chiqishib ketishi uchun esa vaqt kerak. Boz ustiga pro-liga bilan Superliga o‘rtasidagi farq sezilarli darajada ekanligini unutmaslik darkor. Men esa hujumkor o‘yin tarafdoriman va jamoamdan ham shuni talab qilaman. Albatta, bundan keyin o‘zaro hamkorligimizda yigitlardan imkon qadar yaxshiroq ishlashlarini kutib qolaman. Umid qilamanki, vaqt o‘tib borishi bilan hammasi o‘z iziga tushadi.
«Futbolda natija birinchi o‘rinda turadi»
- To‘g‘ri, men ham hujumkor va har qanday kishining ko‘zini quvontiradigan tomoshabop o‘yin tarafdoriman. Biroq istak bilan xohishning reallikka mos kelishi doim uchrayvermaydi. Men ham ixtiyorimdagi bor futbolchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ish yuritishga harakat qilaman. Shukrki, qo‘l ostimdagi yigitlarning ishtiyoqi baland. Ular «Nasaf»dek kuchli raqibni tor-mor keltirish orqali qo‘llaridan ish kelishini isbotlab berdilar. Bundan keyin ham tayyorgarlik ishlarini kuchaytirishga zo‘r beramiz. Futbolchilar bir-birlari bilan qanchalik ko‘p o‘ynasalar, o‘zaro tushunish hissi ham shunga monand ravishda oshib boraveradi. Ha, yana takrorlayman: «Nasaf»ga qarshi biz natija uchun o‘ynadik. Murabbiy natijani ta’minlay oladigan usuldan kelib chiqqan holda ish tutadi. Yana shuni unutmaslik kerakki, o‘yin qanchalik qiziqarli yoki buning aksi o‘laroq zerikarli kechmasin, eng birinchi navbatda natija saqlanib qoladi. Viloyatda futbol bayrami bo‘lgani tufayli yutqazishga haqqimiz yo‘q edi. Futbolda natija birinchi o‘rinda turadi. Buni qayta-qayta takrorlashim mumkin. O‘zingiz o‘ylang, chiroyli to‘p surgan holda mag‘lubiyatga uchrash yaxshimi yoki natijani saqlab qolish uchun o‘ynashmi? So‘zim so‘nggida klubimizga shunday imkoniyatlarni yaratib bergan viloyat rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirib qolaman. Eng muhimi biz g‘alaba qozondik. Boshqa narsa haqida o‘ylamayman. Boya aytdim, bugun bizda bosim juda katta edi. Ammo men va futbolchilarimda o‘zimizga bo‘lgan ishonch katta edi. Biz maydonga faqat g‘alaba uchun tushgandik, hattoki, durang ham jamoamizni qoniqtirmasdi. Bugungi futbol bayrami uchun Andijon xalqini g‘alaba bilan xursand etganimizdan juda xursand bo‘ldik.
«O‘yinimizdagi ayrim muammolarni bartaraf etishimiz kerak»
- Biror-bir futbolchidan aybni qidirish noto‘g‘ri. Ba’zida futbolchining o‘yini chiqadi, yana ba’zida esa yo‘q. To‘g‘ri, darvozabon gol o‘tkazdimi, qaysidir ma’noda unda ham ayb bo‘ladi. To‘g‘ri, o‘yinimizda ham muammolar bor. Nafaqat himoya yoki darvozada, balki hujumda va o‘yinni tashkil qilishda kamchiliklarimiz bilinib turibdi. Biz esa ushbu muammolarni bartaraf etish uchun ko‘p mehnat qilishimiz kerak. Lekin muhimi biz dastlabki g‘alabani qo‘lga kiritdik. Muxlislar esa jamoamizni butun o‘yin davomida qizg‘in qo‘llab-quvvatlab turishdi.


Izohlar (0)