Eldor Shomurodov gollar urishda davom etadimi?

  • 01.11.2025 12:44
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" klubida harakat qilmoqda. Hamyurtimiz ketma-ket uchrashuvlarda gollar urib, jamoasiga yordam bermoqda. Ta’kidlash joizki, vakilimiz to‘purarlar jadvalida 7 ta gol bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Shuningdek, "Bashakshehir" 11 ta uchrashuv o‘tkazib, 13 ochko to‘plagan holda, 9-o‘rinda bormoqda. 

Endi "Istanbul Bashakshehir"ning navbatdagi 5 ta uchrashuvini ko‘rib, raqiblarining statistikasi bilan tanishishingiz mumkin.

Jamoa navbatdagi o‘yinini 7 noyabr kuni "Genchlerbirligi"ga qarshi o‘tkazadi. Bu jamoa 10 ta bellashuvdan so‘ng 11 ta gol urgan va 20 ta gol o‘tkazib yuborgan. 
 
Undan keyingi raqib esa "Trabzonspor" bo‘ladi. Darvozasida "Manchester Yunayted"ning sobiq posboni hisoblangan Andre Onana turgan jamoa bu mavsum 10 ta to‘qnashuvdan so‘ng 17 ta gol urib, 7 ta golni o‘z darvozasidan olib chiqqan va turnir jadvalida 2-o‘rinda bormoqda. "Trabzonspor" bu turda "Galatasaray" bilan kuch sinashadi. Ushbu bellashuv bugun Toshkent vaqti bilan 22:00’da start oladi. 
 
"Istanbul Bashakshehir" 14-turda qisman osonroq jamoaga qarshi maydonga tushadi - "Kasympasha". Jamoa hozirgi kunda 10 ta bahsdan keyin 9 ta gol urib, 12 ta gol o‘tkazgan bo‘lib, turnir jadvalining 13-o‘rinida bormoqda. Lekin bu turdan so‘ng "Bashakshehir" "Fenerbaxche" bilan 6 dekabr kuni to‘qnash keladi. Turkiyaning grand jamoalaridan biri esa bu mavsum eng kam gol o‘tkazib yuborgan klublardan biri hisoblanadi (6 ta gol). Bu bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich esa "Galatasaray"ga tegishli (5 ta gol). Shuni ham ta’kidlash kerak, Eldor Shomurodov bir necha tur avval "Galatasaray"ga qarshi bahsda jamoasining yagona goliga mualliflik qilgan edi (2:1). 
 
Navbatdagi 5-raqib esa "Samsunspor". Jamoa joriy mavsum 14 ta gol urib, 10 ta gol o‘tkazishga ulgurdi. 
 
Shu bois, "Istanbul Bashakshehir"ni oldinda qiyin uchrashuvlar ham, oson to‘qnashuvlar ham kutib turibdi. Ushbu o‘yinlarda O‘zbekiston milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodovga omad tilab qolamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!