Fayzullaev ketdi, TsSKA xavotirda

  • 22 aprel, 2024, 18:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

25 aprel kuni TsSKAni juda qiyin o‘yin kutib turibdi. Rossiya Premer-liganing 21-turi kechiktirilgan uchrashuvida “armiyachilar” printsipial raqib – “Spartak”ni qabul qiladi.

Tecno

Poytaxt derbisi oldidan TsSKA jamoasi juda katta yo‘qotishga duch kelgan. Asosiy o‘yinchilardan Villian Rosha va Igor Diveev o‘tgan uchrashuvda qizil kartochka olgani, Abbosbek Fayzullaevning ogohlantirilishlari soni to‘rttaga etgani bois “Spartak” bilan o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan.

Rossiya futboli ekspertlari bu holat oqibatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Nikolay Naumov, “Lokomotiv” klubi sobiq prezidenti:

TsSKAning bu uch etakchi futbolchisi “Spartak” bilan bo‘lajak to‘qnashuvda “armiyachilar”ga yordam bera olmaydi va bu juda katta yo‘qotish hisoblanadi. TsSKAning zaxira o‘rinjig‘i ham etarli darajada uzun emas.

Shu bois, mezbonlarga “Spartak” bilan o‘ynash juda qiyin bo‘ladi. Chunki “armiyachilar” to‘liq tarkib bilan ham “Axmat”ga qarshi yaxshi o‘ynay olmadi. Bu meni hayron qoldirdi.  Shuning uchun ham bu uch futbolchi TsSKA uchun juda katta yo‘qotish. Menimcha, ular “Spartak”ga yutqazib qo‘ysa kerak.

Ruslan Pimenov, Rossiya terma jamoasi sobiq futbolchisi:

Rosha, Diveev va Fayzullaevsiz TsSKAga “Spartak”ka qarshi o‘tkaziladigan poytaxt derbisida juda qiyin va og‘ir bo‘ladi. Chunki ularning bari asosiy o‘yinchilardir. Bu o‘z navbatida, “Spartak” uchun juda yaxshi imkoniyat. Ular g‘alaba qozonishi mumkin. Ularning muxlislari g‘alabani kutib qoldi.

Evgeniy Aldonin, TsSKA va Rossiya terma jamoasining sobiq sardori:       

Albatta, bu yo‘qotishlar TsSKA uchun juda katta muammo tug‘diradi. Qolaversa, Rosha, Diveev va Fayzullaev asosiy tarkibning muqim o‘yinchilari edi. “Spartak” bilan bo‘ladigan derbi printsipial ahamiyatga ega va o‘ta muhim bahs hisoblanadi.

Murabbiylar shtabi vaziyatdan chiqib ketish uchun nimalardir o‘ylab topishiga to‘g‘ri keladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham jamoa sifat nuqtai nazaridan yutqazadi, o‘yin tomoshabopligi pasayib kelaji. Chunki ularning hammasi muhim o‘yinchilar edi.

Abbosbek Fayzullaev “Axmat”ga qarshi uchrashuvdan keyin Moskvani tark etdi. Legionerimiz Qatarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogida ishtirok etish uchun O‘zbekiston U-23 terma jamoasi safiga kelib qo‘shildi.

Aslida 20 yoshli hujumkor futbolchimiz “Spartak” bilan bo‘ladigan muhim o‘yindan keyingina yo‘lga chiqishi va terma jamoa ixtiyoriga borishi rejalashtirilgan edi.

Timur Kopadze boshqarayotgan terma jamoamiz oldiga Osiyo kubogida bosh sovrin va Parij Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi yuklatilgan.

Qoidaga ko‘ra, Osiyo kubogida dastlabki uchta o‘rinni egallagan terma jamoalar Olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. To‘rtinchi o‘rin sohibi Afrika qit’asi vakili Gvineya bilan pley-offda o‘zaro kuch sinashishi belgilangan.

Husanov “Lans”ni tark etdi...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
22/04/2024 16:19
Узбекистонга омад Файзуллаев га куч кувват