
Fayzullaev pastga quladi!
“Sport Ekspress” nashri Rossiya Premer-ligasining birinchi qismi bo‘yicha eng yaxshi futbolchilar reytingini e’lon qildi.
Bu nashr o‘ttiz yildan ko‘p vaqt mobaynida har birda futbolchilarning ishtirokini baholab boradi va umumiy ballar asosida eng yaxshi o‘yinchilar reytingini tuzadi.
“Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin Rossiya Premer-ligasida porlay boshlagan Abbosbek Fayzullaev 17-turdan keyin ushbu reytingning uchinchi pog‘onasini egallab turgan edi.
Biroq legionerimiz 2023 yilning so‘nggi uchrashuvida o‘zini ko‘rsata olmadi. “Krasnodar” maydonida o‘tgan bahsda Fayzullaev qulay vaziyatdan gol ura olmadi, bundan tashqari raqib g‘alaba to‘pini kiritgan vaziyatda Krivtsovga qarshilik ko‘rsatishga kech qoldi.
Umuman olganda, ekspertlarning aksariyati Fayzullaevning o‘yinini past baholadi. “Sport Ekspress” nashri mutaxassislari ham 18-tur doirasida o‘tkazilgan bahsda hujumkor futbolchimizning harakatlariga kam ball berdi.
Buning oqibatida Abbosbek Fayzullaev reytingda kuchli uchlikdan quyiga sho‘ng‘idi. Hamyurtimiz uch pog‘ona pastladi.
Umumiy reyting quyidagicha ko‘rinish oldi.
1 (1). Mateo Kasserra (“Zenit”) — 6,50 ball.
Kasserra qiyin o‘tgan uchrashuvda “Nijniy Novgorod” jamoasi darvozasiga yagona golni urib, “Zenit”ga uch ochko taqdim etdi va piterliklarni chempionlik uchun kurashga qaytardi. Mavsumda 14-to‘pini kiritgan futbolchi to‘purarlar poygasda yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
2 (2). Vendel (“Zenit”) — 6,41
Yilning oxirgi bahsida ham yuqori saviyada o‘ynadi.
3 (4). Eduard Spertsyan (“Krasnodar”) — 6,36
Jamoasining TsSKAga qashi o‘tkazgan uchrashuvida Krivtsovga golli pas uzatdi. Bu gol krasnodarliklarga g‘alaba keltirdi. Spertsyan kuchli uchlikda Abbosbek Fayzullaevning o‘rniga ko‘tarilib oldi.
4 (6). Jon Kordoba (“Krasnodar”) — 6,28
Kordoba diskavalifikatsiya tufayli o‘yinda qatnashmadi. Lekin Fayzullaevning reytingda pastga qulagani legioner futbolchini yuqoriga ko‘tardi.
5 (5). Benxamin Garre (“Krilya Sovetov”) — 6,27
Italiya klublari nishonida turgan futbolchi “Spartak”ga qarshi hech narsa qila olmagan bo‘lsa-da, reytingdagi joyini saqlab qoldi.
6 (3). Abbosbek Fayzullaev (TsSKA) — 6,25
Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasi qahramoni bo‘lgan Fayzullaev yilning so‘nggi uchrashuvida ko‘p harakat qildi, lekin bari besamar ketdi. O‘zi gol ura olmagani etmaganidek, raqibning to‘p kiritishiga qarshilik ko‘rsata olmadi.
7 (8). Anton Zabolotniy (TsSKA) — 6,23
TsSKA futbolchisi so‘nggi ikki turda o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Raqobatchilarining bo‘sh o‘yini uning reytingdagi joyini saqlab qolishiga xizmat qilmoqda.
8 (9). Fernando Kostantsa (“Krilya Sovetov”) — 6,21
Bu futbolchi “Spartak”ga qarshi mag‘lubiyatli uchrashuvda qatnashmadi. Avvalgi turlarda to‘plagan ballari hisobiga reytingda turibdi.
9 (7). Klaudino (“Zenit”) — 6,19
“Nijniy Novgorod”ga qarshi bahsda yaxshi o‘ynay olmadi va natijada ikki pog‘ona pastladi.
10 (11). Maksim Glushenkov (“Lokomotiv”) — 6,19
“Lokomotiv”ning “Ural” bilan bo‘lgan o‘yinida golli pas uzatdi va g‘alabaga qo‘shgan hissasi evaziga kuchli o‘nlikka ko‘tarildi.
Rossiya Premer-ligasida qishki tanaffus e’lon qilindi. Yuqori divizion jamoalari chempionatning navbatdagi o‘yinlarini 2024 yilning 1 martida o‘tkazadi.
Fayzullaev faoliyatida bunaqasi birinchi marta yuz berdi
Fikrlar