FIFA jahon chempionatida jiddiy o‘zgarishga bel bog‘ladi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2030 yildan keyin jahon chempionati taqvimini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Bu qarorga asosiy sabab sifatida turnirlar vaqtida kuzatilayotgan o‘ta yuqori haroratlar keltirilmoqda.
RMC Sport ma’lumotiga ko‘ra, tashkilot rahbariyati jahon chempionatini an’anaviy tarzda yoz faslida o‘tkazish qanchalik maqsadga muvofiq ekanini muhokama qilmoqda. Bu masalaga 2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati paytida kuzatilayotgan issiq havo, shuningdek, iqlim o‘zgarishi turnirlar o‘tkazilishiga tobora kuchliroq ta’sir qilayotgani turtki bo‘ldi.
Muammoning eng yorqin misollaridan biri sifatida 2026 yildagi jahon chempionati 1/8 final bosqichida Fransiya va Paragvay terma jamoalari o‘rtasida Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan o‘yin keltirilmoqda. Uchrashuv boshlanishiga kelib, havo harorati 38 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Shaharda allaqachon o‘ta issiq harorat bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilingan. Jamoalar mashg‘ulotlarni ham shu kabi sharoitda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
FIFA doirasida 2030 yildagi jahon chempionatidan keyin xalqaro futbol taqvimini yanada katta ko‘lamda isloh qilish masalasi ham muhokama etilmoqda. Tashkilotda Qatardagi jahon chempionati tajribasi alohida ta’kidlanmoqda: iqlim sharoiti sabab 2022 yildagi musobaqa noyabr—dekabr oylariga ko‘chirilgan edi. Ko‘plab mutaxassislar va futbol vakillari o‘sha paytda o‘yinlar sifati hamda futbolchilarning jismoniy holatini yuqori baholagan, jahon chempionatini Yevropa mavsumi o‘rtasida o‘tkazishning afzalliklarini qayd etgan edi.
Shu bilan birga, Ispaniya, Portugaliya va Marokko mezbonlik qiladigan 2030 yildagi jahon chempionati oldindan tasdiqlangan yozgi taqvim bo‘yicha o‘tkaziladi. Biroq FIFAda iyun va iyul oylaridagi o‘yinlar, ayniqsa Marrakesh kabi harorati 40 darajadan oshib ketishi mumkin bo‘lgan shaharlarida, jiddiy savollar tug‘dirayotgani tan olinmoqda.
Tashkilot vakillarining ta’kidlashicha, muammo faqat stadionlardagi sharoit bilan cheklanib qolmaydi. Mashg‘ulot bazalari, muxlislar uchun fan-zonalarda xavfsizlik va qulaylik, xodimlar mehnat sharoiti, shuningdek, o‘yinlar boshlanish vaqti ham juda muhim omillar hisoblanadi.
FIFA prezidenti Janni Infantino ham avvalroq yirik musobaqalar o‘tkazish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ehtimolini rad etmasligini aytgan edi. Manbaga ko‘ra, 2034 yildagi jahon chempionati Saudiya Arabistonida katta ehtimol bilan qish faslida o‘tkaziladi. Yozgi formatning kelgusi taqdiri esa 2030 yildan keyin qabul qilinadigan qarorlarga bog‘liq bo‘ladi.

Fikrlar