
Finalda Frantsiya kuchsiz emas edi. Sababi...
Ko‘pchilik Frantsiya terma jamoasining finaldagi mag‘lubiyatini muvaffaqiyatsizlik, deb atamoqda. Ko‘rinishidan jamoa favorit edi, ularda finalda o‘ynash borasida tajriba nisbatan yaxshiroqdek edi. Ammo aslida...
Birinchidan, frantsuzlar mundialga kutilganidan ko‘ra ko‘proq yo‘qotish bilan etib keldi. Hatto qaydnomaga kiritilgan futbolchilar ham jarohat olib, safdan chiqishni boshladi. Kanteda etarli o‘yin amaliyoti yo‘qligi, Pogbaning jarohatlar girdobida qolib ketayotgani, Nkunkuning darajasi noma’lum ekani katta muammo bo‘lib ko‘rinmagan bo‘lishi mumkin. Ammo Desham shu yigitlarga ishonch bildirgan va ular asosida rejalar ishlab chiqqan. Birdan ularning tarkibdan tushib qolishi hamma narsani "oyog‘ini osmondan" qilib yuborgani tabiiy.
Ikkinchidan, Argentina finalga chiqib, o‘z boshidan-da balandroq harakat qildi. Asosiy sabab - Messi bo‘lsa, keyingisi 2014 yildagi mag‘lubiyat o‘rnini qoplash. Butun argentinaliklar bor kuchi bilan raqibga qarshi jang qildi va yakunda munosib tarzda mukofotga ega chiqdi. Ya’ni, finalda Frantsiya kuchsiz emasdi. Shunchaki, Argentina juda yaxshi harakat qildi. Kuchli ruhiy bosimdan chiqib ketishni eplay olganining o‘ziyoq "xo‘rozlar"ga ijobiy baho berish uchun etarli bo‘la oladi.
Qolaversa, Evropa jamoalarining mundial g‘olibi bo‘lgandan so‘ng davom etadigan noxush an’anasi aynan Frantsiya tomonidan yo‘qqa chiqarildi. 2006 yil Italiya chempion bo‘lgan, 4 yildan so‘ng esa mundial guruh bosqichida qolib ketgan. 2010 yil Ispaniya g‘olib bo‘ldi, 2014 yilda pley-offga chiqa olmadi. 2014 yil Germaniya g‘alabasi va 4 yildan so‘ng yana o‘sha holat.
Shu kabi mayda detallarga qaramasdan, "uch ranglilar" Qatardagi mundial finaliga etib kelishni uddaladi va hatto, sal qolsa chempion ham bo‘lib ketardi. Afsuski, "romantiklar mamlakati" ozgina e’tiborsizligi tufayli chempionlikdan quruq qoldi.
Shu tariqa, futbol olamida "o‘zga sayyoralik" Messiga nisbatan adolat ko‘rsatildi. Biroq yana bir "o‘zga sayyoralik"ka esa...
Shohrux Zoirov maqolasi.
Fikrlar