Gavi 21 yoshida katta ishni uddaladi
Ko‘z o‘ngimizda tarix yaratilmoqda
Ispaniya terma jamoasi va "Barselona" yarim himoyachisi Gavi 21 yoshida ikki jahon chempionatida maydonga tushgan oltinchi futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Bu haqida ijtimoiy tarmoqdagi OptaJoe sahifasida xabar berildi.
15 iyun kuni mundialning guruh bosqichi 1-turida Ispaniya terma jamoasi Kabo-Verde futbolchilariga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi.
Asosiy tarkibda maydonga tushgan Gavi shu tariqa 21 yoshida ikki jahon chempionatida o‘ynagan oltinchi futbolchiga aylandi. U avval 2022 yili Qatarda o‘tgan mundialda ham ishtirok etgan edi.
Bu ro‘yxatdan Pele (Braziliya), Norman Uaytsayd (Shimoliy Irlandiya), shuningdek, Rigober Song, Salomon Olembe va Samuel Eto’O (uchalasi ham – Kamerun terma jamoasi) o‘rin olgan.
Gavi hozirga qadar Ispaniya terma jamoasi safida 31 o‘yin o‘tkazib, 5 ta gol urgan. "JCh–2026" guruh bosqichining keyingi turlarida Ispaniya 21 iyun kuni Saudiya Arabistoni, 27 iyun kuni esa Urugvay terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Izohlar (0)