Gol urilmagan vodiy derbisi qanday o‘tdi?

  • 26 sentabr, 2024, 03:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing markaziy o‘yini Andijondagi “Bobur arena”da vodiy derbisi doirasida “Andijon” hamda “Neftchi” klublari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Yodingizda bo‘lsa kerak, birinchi davrada Farg‘onadagi bellashuvda tomonlar 2:2 hisobidagi durang natijani qayd etgandilar. Jamoalarning bu safargi o‘yiniga ham qiziqish doimgidek katta bo‘ldi.

“Bobur arena” chorshanba oqshomida fantastik muhit og‘ushida bo‘ldi. “Andijon” fan-klubi odatiga xos tarzda o‘zgacha va yangi performansni ko‘tardi. Unda “Olg‘a boburiylar” yozuvi bitilgan bo‘lib, Boburning ham haykali aks etdi. Bunda albatta ramziy ma’no bor edi. Butun uchrashuv mobaynida muxlislar super darajada qo‘llab-quvvatladilar. Farg‘onadan ham ishqibozlar stadionda o‘z jamoalarni qo‘llab turdilar.

E’tiborlisi, ikkala fan-klub bir-biriga hurmat va ehtirom ko‘rsatdilar. Butun uchrashuv mobaynida ular o‘z jamoalarini faol olqishladilar. O‘yindan keyin bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, o‘ziga xos tarzda madaniyat namoyish qildilar.

Birinchi davradagi to‘qnashuvdan farqli o‘laroq, bu gal darvozalar daxlsiz qoldi va jamoalar bir ochkodan bo‘lishib oldilar. Albatta, xavfli hujumlar hamda vaziyatlar bo‘ldi, ammo u qadar ko‘p emas. Jamoalar ehtiyotkorona o‘ynadilar. Shu bois hujumlarni yakunlashda aniqlik va ba’zida omad etishmadi. Biroq birinchi bo‘lim o‘rtalarida “Andijon”ning hujumlaridan birida himoyachi Abdulvohid G‘ulomov jarima maydoni ichida raqiblaridan ildamroq harakat qilib gol urishga yaqin kelgandi. Lekin uning zarbasini darvozabon qiyinchilik bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

Butun uchrashuv davomida futbolchilar garchi gol urishgan intilishgan bo‘lishsa-da, hech kimga gol urish nasib qilmadi. Shu tariqa, nursiz durang bilan yakun topdi. Endi “Andijon” klubi bor e’tiborini 5 oktyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Kubogi finaliga qaratadi.

“Andijon – “Neftchi” – 0:0.

25 sentyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 13262 tomoshabin.

Hakamlar: Nayim Qosimov, Andrey Tsapenko, Timur Gaynullin

Zaxira hakami: Sardor Mirodilov

VAR: Nikita Mustafin

AVAR: Nikita Afinogenov

Nazoratchi: Aleksandr Popov

Komissar: Qudrat Madraimov

“Andijon”: Eldor Adhamov, Vladimir Bubanya, Ildar Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov, Muhammadkarim Toirov, Sardor Azimov (Lyubisha Petsel, 88), Ilhom Abdug‘aniev (Levan Arveladze, 74), Farhod Bekmuratov, Farhod Sohibjonov (Bektemir Abdumannonov, 74), Rustam Turdimurodov.

“Neftchi”: Botirali Ergashev, Boyan Tsiger, Zoir Jo‘raboev, Anvar G‘ofurov, Javohir Qahramonov (Diyor Turopov, 71), G‘ulom-Haydar G‘ulomov, Manuchexr Safarov (Mirzoxid G‘ofurov, 81), Abbos G‘ulomov, Quvondiq Ro‘ziev (Sanjar Qodirqulov, 81), Azizbek Amonov (Shoxruz Norxonov, 81), Nsungus Effiong.

Ogohlantirishlar: Bektemir Abdumannonov, 75 – Lutfulla To‘raev, 76 (murabbiy).

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!