Guruhdagi raqibimiz so‘nggi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi
"Jahon chempionati–2026"ga tayyorgarlik doirasida Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi Chili futbolchilariga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkazdi.
Bellashuv Ispaniyaning Kadis shahrida joylashgan "La Linea" stadionida bo‘lib o‘tdi. Birinchi bo‘limda tomonlar darvozalarni ishg‘ol eta olmadi. Tanaffusdan so‘ng esa tashabbus chililiklar tomoniga o‘tib, ular raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Hisob 52-daqiqada Lukas Sepeda tomonidan ochildi. Ortidan Matias Sepulveda Janubiy Amerika jamoasining ustunligini oshirdi. Kongo safida yagona golga Yoris Kayambe mualliflik qildi. Shu tariqa o‘yin Chlining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, Kongo Demokratik Respublikasi milliy terma jamoasi jahon chempionatida O‘zbekiston futbolchilarining guruhdagi raqiblaridan biri hisoblanadi. Afrika jamoasi "K" guruhida Portugaliya, Kolumbiya va O‘zbekiston milliy terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Kongoliklar musobaqadagi ilk uchrashuvini 17 iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. 22 iyunda Kolumbiyaga qarshi o‘ynashadi, 27 iyunda esa O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. O‘zbekiston uchun Kongoga qarshi bellashuv guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin bo‘ladi.

Fikrlar