"Сити" Husanovga raqobatchini PSJdan tanladi

  • 07.09.2026 18:08
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Angliyaning yetakchi klublari — «Arsenal» va «Manchester Siti» Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi «Pari Sen-Jermen» va Ekvador terma jamoasining markaziy himoyachisi Willian Pachoga jiddiy qiziqish bildirmoqda, deb xabar bermoqda CaughtOffside nashri o‘z manbasiga tayanib.

Manba ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki jamoa 24 yoshli himoyachi bo‘yicha batafsil skautlik hisobotlarini tayyorlab bo‘lgan. Klub vakillari yaqinda Frantsiya chempionati doirasidagi «Lill»ga qarshi o‘yinni ham jonli kuzatishgan. Ushbu bellashuv 2:2 hisobida yakunlangan.

Pachoning tezkorligi, jismoniy baquvvatligi, to‘p bilan ishlashdagi ishonchli o‘yini va himoyadan hujumni boshlab berish qobiliyati ingliz klublarini o‘ziga jalb qilmoqda. «Arsenal» uni yana bir yuqori darajali chap oyoqli markaziy himoyachi sifatida ko‘rib chiqmoqda. 

«Manchester Siti» esa, ayniqsa, uning aniq uzatmalari va tezda himoyaga qaytish mahoratini yuqori baholamoqda.

Avvalroq futbolchi o‘yini «Liverpul» va «Real» skautlari ham kuzatgani xabar qilingan edi. Biroq hozircha ehtimoliy xaridor klublardan hech biri PSJ bilan rasmiy muzokara boshlagani yo‘q.

Pachoni qishki transfer oyida qo‘lga kiritish imkoniyatini uning yaqinda parijliklar bilan 2031 yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnoma imzolagani ham qiyinlashtirmoqda. Shuningdek, u Luis Enrique jamoasida muhim figura bo‘lib qolmoqda: himoyachi Liga 1ning joriy mavsumidagi dastlabki uch o‘yinni to‘liq maydonda o‘tkazdi.

Nashr ta’kidlashicha, «PSJ»ni ekvadorlik futbolchi bilan xayrlashishga ko‘ndirish uchun faqat juda manfaatli taklif va Pachoning o‘zi klubni tark etish istagini bildirish kifoya qiladi. 

Shu bois, yanvar oyida «Arsenal» va «Manchester Siti» katta ehtimol bilan himoyachini kuzatishni davom ettiradi, ammo uni sotib olish bo‘yicha aniq qadam tashlamaydi.

Eslatib o‘tamiz, "Manchester Siti"dan Natan Ake, Jon Stounz kabi markaziy himoyachilar ketganiga qaramay, bu pozitsiyada raqobat juda kuchli. Xususan, Enzo Mareska ayrim uchrashuvlarda markaziy himoyachi hisoblangan Abduqodir Husanovni o‘ng qanotda o‘ynatishiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!