Igor Tudor: "Jamoada sifat yetishmayapti, murakkab vaziyatdamiz"
"Tottenxem" bosh murabbiyi Igor Tudor Angliya Premier-ligasining 28-turida "Fulxem"ga qarshi uchrashuv (1:2) yakunlariga toʻxtaldi. London derbisida uning shogirdlari magʻlubiyatga uchradi.
"Vaziyat murakkab. Muammolar koʻp. Men sizlarga yangi narsa ayta olmayman. Har birimiz oʻzimizda kuch topishimiz kerak. Gol urish uchun sifat yetishmayapti. Markazda toʻpni tez aylantirish uchun sifat yetishmaydi. Himoyada esa sabr qilib, gol oʻtkazmaslik uchun zarur darajadagi sifat yoʻq. Juda gʻalati holat", — dedi Tudor.
Tarkib haqida gapirar ekan, murabbiy hozircha toʻgʻri muvozanatni topish qiyinligini taʼkidladi. Uning fikricha, koʻproq ijodkor futbolchilarga ishonch bildirilsa, himoya aziyat chekadi. Aksincha, kurash va himoyaga eʼtibor kuchaytirilsa, oldingi chiziqda muammolar paydo boʻladi.
Tudor jamoa hozir qanday boʻlishni va qaysi yoʻnalishda harakat qilishni aniqlab olishi kerakligini aytdi.
Hozirda "Tottenxem" 29 ochko bilan jadvalda 16- oʻrinda bormoqda. "Fulxem" esa 40 ochko bilan 9-pogʻonada joylashgan.
Fikrlar