Ikardi o‘rniga Shomurodov!
Og‘ir o‘tgan mavsumdan keyin hordiq chiqarayotgan Eldor Shomurodov shu yoz ichi kelasi mavsumda qaerda to‘p tepishini hal qilib olishi talab etiladi.
Legionerimizning “Roma” bilan o‘zaro shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Biroq, kelasi mavsum Joze Mourino gol ura olmayotgan hujumchiga boshlang‘ich tarkibdan joy kafolatlashiga hech kim ishonmasa kerak.
Qolaversa, rimliklar sport direktori Tyagu Pinto anchadan beri Eldorni boshqa jamoalarga to‘liq transfer qilib yuborish payida yuribdi.
Shomurodov yarim mavsum ijarada o‘ynagan “Spetsiya”da to‘purarlik mahoratini namoyish qila olganida “Roma”da unga yana imkoniyat berilishiga umid qilsa bo‘lardi. Mavsum davomida chempionatda atigi bitta to‘p kiritgan hujumchini hozircha A Seriyaning birorta jamoasi so‘rab, murojaat qilgani yo‘q.
Bir yil muqaddam vaziyat tamoman boshqacha edi. Shomurodovni Italiya, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar klublari o‘z safiga chorlagandi.
Xozircha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardoriga Turkiya va Gretsiyadan takliflar tushgani haqida xabarlar tarqatildi. Gretsiyaning PAOK klubi anchadan beri o‘zbek hujumchisiga ko‘z tikmoqda. Biroq, transferning moliyaviy tomonlari greklarga og‘irlik qilmoqda.
Turkiyadagi manbalardan biri – www.fotospor.com sayti “Galatasaroy” nega aynan Eldor Shomurodovga qiziqish bildirayotganiga izoh berdi.
“Galatasaroy”ning yakunlangan mavsumda Turkiya chempionligini qo‘lga kiritishida PSJdan ijaraga olingan taniqli hujumchi Mauro Ikardining xizmati katta bo‘ldi. Argentinalik hujumchi 24 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 22 marotaba ishg‘ol qildi va etti marta jamoadoshlarini golli pas bilan ta’minladi.
Ikardining turklar bilan shartnomasi yakunlandi. Hozir, tajribali to‘purar uchun Italiyadan yaxshi variantlar chiqmoqda. Xususan, unga og‘iz solayotgan klublar orasida Shomurodovning “Roma”si va Zlatan Ibrohimovichni pensiyaga kuzatgan “Milan” bor.
Turk klubi Ikardi o‘rniga Shomurodovni olib kelishni ko‘zlayapti.
- “Galatasaroy” turkiy mamlakatlar fuqarolarining Superligada legioner sanalmasligi to‘g‘risidagi qoidadan unumli foydalanmoqchi. Klub rahbariyati Shomurodovni olib, uning yoniga Mauro Ikardi darajasidagi yana bir taniqli legionerni transfer qilishni rejalashtirmoqda, - deb yozdi www.fotospor.com sayti.
Ta’kidlash joizki, “Galatasaroy” bosh murabbiyi Okan Buruk hujumchimiz mahoratini yuqori baholab keladi. Bu mutaxassis o‘tgan yili yozda va joriy yilning yanvar oyidagi transfer oynasi davrida ham Eldor Shomurodovni qo‘lga kiritishga harakat qilgandi.
Biroq, Eldor Shomurodov A Seriyada qolish ilinjida boshqa mamlakatlardan bo‘lgan takliflarni ko‘rib chiqmaganidan xabaringiz bor.
Demak, yozdagi transfer oynasi ham Shomurodov uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Bu masala hal bo‘lgunga qadar Eldor atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
Fikrlar