Ispaniya Yamal yordamida Xorvatiyani yanchib tashladi
Jahon chempionlari hamon kuchli ekanini isbotlamoqda
Millatlar ligasining ikkinchi turda o‘zaro to‘qnash kelgan Ispaniya va Xorvatiya birinchi bosqichni g‘alaba bilan boshlagan edi. «Qizil furiya» «Uembli»da Angliyani dramatik o‘yinda mag‘lub etgan bo‘lsa, «shaxmatchilar» Chexiya to‘sig‘idan o‘tib olgandi. Shunga qaramay, Sevillyadagi bellashuvda aniq favorit bor edi – chunki bugungi kunda Ispaniya va Xorvatiya terma jamoalarining holati keskin farq qiladi.
Jahon va Yevropa chempioni bo‘lgan Ispaniya Millatlar ligasidagi ilk uy uchrashuvini albatta g‘alaba bilan boshlashni istardi. Mezbonlar o‘yinni hech qanday «razminka»siz boshladi. Ilk hujumyoq chap qanotdan o‘tkirlashdi: Kukurelya pastdan uzatma berdi, Baena to‘pni davom ettirdi, Fermin Lopes esa to‘pni oyoq orqasi bilan bo‘sh qolgan Yamalga yetkazdi. Lamin jarima maydoni ichida bir harakatda zarba berib, to‘pni aniq burchakka yo‘lladi – uchrashuvning ikkinchi daqiqasida hisob 1:0. Qiziqi shundaki, Yamal ikkinchi o‘yindan beri hisobni aynan ikkinchi daqiqada ochmoqda.
Ispaniyaning navbatdagi hujumi ham gol bilan yakunlanishi kerak edi. Yana chapdan Kukurelya yugurib kirdi va penalti nuqtasi tomon xavfli uzatma qildi, u yerdan Baena Livakovich darvozasini «o‘qqa tutdi». Ammo Dominik mahoratli seyv amalga oshirib, xorvat muxlislariga hech bo‘lmasa ozgina umid qoldirdi. Shundan keyin ham Ispaniya maydonda to‘liq ustunlik qildi, ayniqsa qanotlarda o‘zini juda erkin his etdi.
Shu bilan birga, Xorvatiya ham qarshi zarba tayyorlayotgandi. Ularning imkoniyati 28-daqiqada paydo bo‘ldi: Perishich chap qanotda nazoratsiz qoldi, Ivan a’lo darajada uzatma berdi, Belyo esa posbonni kuch bilan ortda qoldirib, to‘pni darvoza to‘sini ostiga yo‘lladi – 1:1. Biroq durang hisob uzoq saqlanmadi. Yamal tezda burchak zarbasini ishlab oldi, uni o‘zi sherigi bilan qisqa o‘ynab, yumshoq uzatma yo‘lladi. Pubil Belyoga xos uslubda hammadan yuqori sakrab, Livakovich qo‘llari ostidagi burchakni nishonga oldi – 2:1. Taym oxirigacha Oyarsabal aniq ofsayd holatidan gol urdi, Yamal esa Fermin Lopesning o‘tkir uzatmasidan so‘ng darvoza to‘sinigа tegizib yubordi.
Ikkinchi bo‘limni Bilich Pongrachich o‘rniga Vushkovichni maydonga tushirish bilan boshladi, o‘yin esa tobora qattiq kurashga aylanib, maydonda «barg to‘kilishini» eslatdi. Soatga yaqin vaqt o‘tgach, Ispaniya safida Pedri va Merino, Xorvatiya tarkibida esa Budimir va Pashalich maydonga tushdi. Ular esa Yamal qanday qilib intrigadan asar ham qoldirmaganini ko‘rishdi. Yangi tushgan Pedrining chuqurdan berilgan uztamasiga Lamin tezlik bilan javob qaytarib, tor burchakdan kuchli zarba yo‘lladi. Livakovich yaqin burchakni yetarlicha yopmadi, to‘p to‘sindan rikoshet orqali to‘rga kirib bordi – 3:1.
Bu goldan so‘ng xorvatlar butunlay sinib tushdi. Endi ular hisobni tiklash haqida jiddiy da’vo qila olmadi, Modrich faqat oxirgi 10 daqiqada maydonga tushirildi, ispanlar esa past sur’atda pas almashirib, final svistigini kuta boshladi. Haqamning yakuniy ishorasi «qizil furiya»ning ishonchli, aslida esa yirik hisobdagi g‘alabasini rasmiy qayd etdi. 89-daqiqada Niko Uilyams Merinoning uzatmasidan foydalab, Shutaloni aldab o‘tdi va to‘pni Livakovich elkasi ustidan darvozaga joyladi – 4:1.
Shu tariqa Ispaniya terma jamoasi navbatdagi muvaffaqiyatini qo‘lga kiritdi va Millatlar ligasi guruh jadvalida yakka yetakchilikni qo‘lga oldi.
Izohlar (0)