
Ispaniyada yangi tandem paydo bo‘ldi, lekin...
Jahon chempionatiga ishonchsiz ishtirokdan keyin Ispaniyaning oldingidek yana kuch qudratli jamoa bo‘lib qaytishiga ishonch kam edi. Bunga asosiy sabablardan biri bu bosh murabbiylikka De La Fuentening kelishidir. Ammo uning qo‘l ostida "qizil furiya" atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchradi. Italiya, Shotlandiya va Norvegiya kabi jamoalarga qarshi g‘alaba qozonildi. Shu bilan birga Braziliya bilan jangovar durangga imzoo chekilgan kechada Fuente shogirdlari kuchliroq ko‘rindi. Ispaniya Evrodan oldingi so‘nggi o‘yinda Shimoliy Irlandiyani yirik 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, katta uchrashuvlardan oldin kayfiyatini ko‘tarib olmoqda. Ammo biz e’tibor qilishimiz kerak bo‘lgan boshqa narsalar bor.
Bilamizki, Ispaniya yarim himoyachilar yurti hisoblanadi. 10 yil oldin ham, hozir ham tarkibda dunyoning eng kuchli fulbeklari harakat qiladi, lekin bu safar bu mamlakatda Lamin Yamal va Niko Uilyamslardek brazilyancha uslubga ega bo‘lgan vingerlar paydo bo‘ldi va ularning ayni paytdagi formasi ajoyib ko‘rinishdaligi De la Fuentening Germaniyada bo‘lib o‘tadigan turnirda katta jamoalarga qarshi qo‘rqmasligini ta’minlay oladi.
Hali 17 yoshga to‘lmagan Yamal Ispaniya uchun 7 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 3 ta assist amalga oshirdi. Uning aynan katta o‘yinlarda "yo‘qolib qolmas"ligini ham ta’kidlash kerak. Lamin ushbu mavsum PSJ, "Real" va Braziliya kabi jamoalarga qarshi maydondagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. Qo‘shimchasiga "Barselona" tarkibida 50 ta bahsda ishtirok etganligi shunchaki dahshat. Asosan vaziyatlar yaratishni yoqtiradigan vinger darvozani ishg‘ol qilishni ham esdan chiqargani yo‘q. Uning hisobida 7 ta gol mavjud.
Yamalning terma jamoadagi eng yaqin do‘stlaridan biriga aylanib borayotgan Niko Uilyams uchun ham katta imkoniyat paydo bo‘ldi. U Evroda asosiy tarkibdan joy olishi kutilmoqda. Mavsum davomida La Liganing eng ko‘p xavfli vaziyat yarata olgan futbolchilaridan biriga aylangan kichik Uilyams bu borada Rodrigo, Rafinya va Grizmann kabi o‘yinchilardan oldinda. Tarkibda unga raqobat tug‘dirishi mumkin bo‘lgan Ferran Torres va Mikel Oyarsabalni Fuente yashirin to‘qqizlik ro‘lida foydalanish ehtimoli yuqori.
Vaziyatlarni yarata oladigan vingerlar bor, endi ulardan foydalanadigan strayker kerak. Evroda Ispaniyaning asosiy hujumchisi Alvaro Morata bo‘lishi aniq. Ammo 31 yoshli futbolchi mavsumning ikkinchi qismida stabillikni yo‘qotdi. Yanvar oyidan so‘ng u barcha turnirlarda 3 dona gol urishga erishdi. Bu esa "qizil furiya"ning Germaniyadan yaxshi natija bilan uyga qaytishisha to‘sqinlik qilishi mumkin. Boshlang‘ich tarkibga kirish uchun harakat qilayotgan Oyarsabal esa so‘nggi 2 o‘yinda 4 bora raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.
Suhrob Xolbekov yozdi
Fikrlar