
Ivan Boshkovich ketadi...mi?
Superliganing 10-turini boshlab bergan “Surxon” – “So‘g‘diyona” bellashuvida maydon egalari 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
O‘yin shunday kechdiki, vaziyat boshqacha tus olishi ham mumkin edi. Jizzaxliklar bahsni yaxshi boshlashdi, ustunlikka ega bo‘lib turishgandi ham. Ikkinchi bo‘limda “Surxon” hisobni ochganidan so‘ng oradan ko‘p o‘tmasdan jizzaxliklar javob golini urishdi. Shundan keyin go‘yoki “So‘g‘diyona”ning o‘yini “ochilib”, “Surxon”ning o‘yini “sochilib” ketayotgandek taassurot uyg‘otgandi. Boisi, Ivan Boshkovich jamoasida bo‘sh hududlar ko‘payib, gol urishga juda yaqin kelishayotgandi. Lekin yakunda g‘alaba golini mezbonlar kiritishdi.
Uchrashuv davomida esa har ikkala jamoada ham o‘yin tomonlama muammolari ko‘zga tashlanib turdi. “Surxon” ham, “So‘g‘diyona” ham aslida o‘z o‘yinini namoyish qila olganlari yo‘q. Shunchaki, omad mezbonlarga kulib boqdi.
O‘yindan avval “So‘g‘diyona” ustozi Ivan Boshkovich uchun bu oxirgi imkoniyat bo‘lishi mumkinligi haqidagi gaplar quloqqa chalindi. Bu qanchalik haqiqatligi esa noma’lum. Biroq jamoaning ushbu mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmayotgani, turnir jadvalida o‘ziga yarashmagan o‘rinda borayotgani va ketma-ket ochko yo‘qotayotgani fonida Boshkovichning kursisi qimirlab qolgani xususida eshitayotgandik. O‘tgan turda uyida chempionat autsayderi “Sho‘rtan”ni yutolmagani, qaytanga zo‘rg‘a mag‘lubiyatdan qutulib qolgani ham klub rahbariyatiga va muxlislariga yoqmagani turgan gap.
Termizdan “So‘g‘diyona” quruq qo‘l bilan qaytdi. Tabiiyki, mag‘lubiyatdan so‘ng Boshkovich masalasi yana kun tartibiga qaytishi katta ehtimol. Aslida u yaxshi mutaxassis. “So‘g‘diyona”da 2023 yildan beri ishlayotgan bo‘lsa, u shu vaqtgacha mahoratini ko‘rsata oldi. Lekin bu yil o‘ylangan rejalar o‘xshamayapti, jamoa o‘yinida muammolar borligi ko‘zga tashlanyapti. Ko‘pincha murabbiy mag‘lubiyatga uchraganda buni ko‘tara olishi qiyin kechadi va aybni kimlargadir ag‘darish holatlariga guvoh bo‘lib turamiz.
Boshkovich masalasi bo‘yicha klub rahbariyati tez orada bir qarorga keladi. Unga ishonishda davom etishadi yoki iste’foga chiqarishib, o‘rniga boshqasini olib kelishadi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, “So‘g‘diyona” bosh murabbiyligi uchun bir qator nomzodlar bor va ularning orasida yaqinda “Andijon”ni tark etgan Aleksandr Xomyakov varianti ham mavjud.
“So‘g‘diyona” 10 ta turdan keyin faqat 2 marta g‘alaba qozondi xolos. Yana 2 ta bahsda durang o‘ynab 6 tasida mag‘lubiyatga uchradi. 8 ochko bilan 13-o‘rinda. Lekin 10-turdan o‘rin olgan yana boshqa uchrashuvlardan so‘ng “So‘g‘diyona” yanada pastga tushishi mumkin. “So‘g‘diyona” va Boshkovich atrofidagi voqealar rivojini kuzatib boramiz.
Fikrlar