"Komо" vingerini Angliyaning ikki klubi chaqiryapti
Italiyaning «Komo» jamoasida to‘p surib kelayotgan flang hujumchisi Assane Diao Angliya premyer-ligasining ikki klubi diqqat markaziga tushdi.
Bu haqida futbol bo‘yicha insayder ma’lumotlari bilan tanilgan jurnalist Nikolo Skira xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «Komo» 20 yoshli senegallik futbolchini osonlikcha qo‘yib yuborish niyatida emas. Klub Diao bo‘yicha takliflarni faqat taxminan 60 million yevro atrofidagi summa uchun ko‘rib chiqishga tayyor.
Shu bilan birga, Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, vingerning bozor qiymati 30 million yevro deb baholangan, ya’ni klub so‘rayotgan miqdordan ikki barobar kam.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil yanvar oyida «Komo» Assane Diaoni «Betis» klubidan 12 million yevroga sotib olgan edi. Shundan beri u jamoa safida 35 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 10 marta ishg‘ol etdi va yana 2 ta golli uzatma muallifiga aylandi.

Fikrlar