Asosiy mazmunga oʻtish

Futbol

KXDR haqida

Bekzod Isayev
Izohlar: 0

KHDR terma jamoasi jahon chempionatida 2 marotaba, 1966 va 2010 yillarda ishtirok etgan.

1966 yilgi jahon chempionatidagi ishtirok Shimoliy Koreyaning xaqiqiy shon-shuhrati bo‘lgan. Musobaqaning chorak finaliga borgan koreyslar ko‘pchilikni hayratga solishdi, ammo jamoa tarkibida ko‘plab professional bo‘lmagan futbolchilar to‘p tepishgan. Guruh bosqichida avvaliga SSSR termasiga 0:3 hisobida imkoniyat boy berilgan, 2-turda Chili termasi bilan 1:1 hisobidagi durrangga erishgan KHDR 3-turda Italiya termasini 1:0 hisobi bilan mag‘lub etgan. Bu Italiya futboli tarixidagi eng og‘ir mag‘lubiyatlar qatoriga kiritiladi. Chorak finalda Portugaliya darvozasiga 24-daqiqagacha 3 ta gol urishga erishib, Shimoliy koreyaliklar hammani shokka solishdi, ammo yakunda 3:5 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Shunday bo‘lsa-da, chorak finalgacha chiqgan KHDRning fantastik natijasi tarixga kirdi. Bu butun Osiyo futbolining yutug‘i edi. Bungacha Osiyoning birorta vakili jahon chempionatida guruh bosqichidan nariga o‘ta olmagandi.

Ammo oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘u deganlaridek, 2010 yilgi jahon chempionatida KHDR katta muvaffaqiyatsizlikga uchradi. Avvaliga barchasi yaxshidek ko‘ringandi. Garchi imkoniyatni boy bergan bo‘lsalar-da, Braziliya termasi bilan chiroyli o‘yin namoyish etishgandi. Ammo Portugaliya koreyslarga javobsiz ettita to‘p kiritdi. Qit’adoshlarimiz sharmandalikni mamlakatda hazm qilishga birmuncha qiynalishgan. Hatto turnirdan so‘ng, terma jamoaning bosh murabbiyini qamoqga olinganligi haqida mish-mishlar ham yangragandi.

Shimoliy Koreya jahon chempionatidagi 2 ta ishtirokdan tashqari, 1976 yili olimpiya o‘yinlari, 1980, 1992, 2011, 2015 va 2019 yillarda esa Osiyo Kubogida ishtirok etgan. 1978 yili Osiyo o‘yinlari musobaqasida koreyslar chempion bo‘lishga ham ulgurishgan.

Hozirda terma jamoaga Kim Yon Jun bosh murabbiylik qilmoqda. Terma jamoada Ri Myon Guk eng ko‘p 105 ta uchrashuv o‘tkazgan. Chon Il Gvan ham o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ygan. U KXDR tarkibida 21 ta gol urishga erishgan va bu eng ko‘p gol urgan futbolchidir.

1956 yil 7 oktyabr kuni KHDR o‘z tarixidagi ilk o‘yinini o‘tkazadi. Xitoy termasi bilan bellashuvda KHDR 1:0 hisobida zafar quchadi. Shimoliy Koreya 2005 yilda Guam termasini 21:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixidagi yirik g‘alabasiga erishadi. Boya ta’kidlab o‘tganimiz, Portugaliyadan uchralgan 7:0 hisobidagi mag‘lubiyat KHDRning tarixidagi eng yirik mag‘lubiyat bo‘lib turipti.

Koreyaliklar bilan shu paytgacha 9 bor to‘qnash kelganmiz. Uchrashuvlarning 6 tasida vakillarimiz zafar quchishgan. 3 ta o‘yinda durang va bitta mag‘lubiyatga uchralgan. Umumiy 16 marotaba shimolliklarga gol urgan O‘zbekiston o‘z darvozasidan 7 ta to‘p olib chiqqan.

Eng yirik g‘alabamiz 4:0. 1998 yili Osiyo o‘yinlarida Shkvirin hamda Akopyants bittadan va Shirshovning dubli evaziga ana shu natija qayd etilgan.

2015 yil Pxenyan shahrida mehmon bo‘lgan terma jamoamiz bellashuvning birinchi bo‘limidayoq o‘z darvozalaridan 4 ta to‘p olib chiqishgan. Tanaffusdan keyin Sardor Rashidov va Igor Sergeevning gollari evaziga hisobni 2 taga qisqartirishgan holos. Bu natija koreyslarga uchralgan eng yirik mag‘lubiyatimiz bo‘lib tarixga kirgan.

O‘zaro o‘yinlarda eng ko‘p gol urgan futbolchi Igor Sergeev. 2015 yili Shimoliy Koreya termasi bilan 3 marta to‘qnash kelgan hujumchi har gal bittadan gol urgan.

KXDRga qarshi 9 bellashuvlarning 5 tasi Toshkentda kechgan. 2 tasida biznikilar mehmon bo‘lishgan va yana 2 ta uchrashuv esa be’taraf maydonlarda bo‘lib o‘tgan.

Ulashish
SPORTS.uz'ni Youtube'da tomosha qiling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q