
La’natlangan ettinchi raqamdan ehtiyot bo‘l!
“Barselona” jamoasiga kelgan Luish Figu qisqa muddat ichida jamoaning etakchisiga aylanganidan xabaringiz bor. Figu Kataloniya klubi safida Kubok egalari kubogi, UEFA superkubogi, Ispaniya kubogi va 2 bor La Ligada g‘olib chiqishga muvaffaq bo‘ladi va chinakamiga jamoaning sardoriga aylanadi. “Marca” nashrining sobiq jurnalisti Ernesto Kuevasning aytishicha, Figu Madridga yo‘l olgach, butun Kataloniya ko‘chaga chiqqan va uning nomi tushirilgan 7-raqamli futbolkalarni yoqib yuborishgan ekan… Aynan shu voqeadan so‘ng, “Barselona” jamoasida birorta futbolchiga ushbu raqam omad keltirmagan desak ishonasizmi?!
Alfons Peres (2000/02)
Figudan so‘ng, bu raqamni qo‘liga kiritgan futbolchining yoshi o‘tib qolgani bois, undan muxlislar mo‘’jiza kutishmagan edi. Aslida ham shunday bo‘ldi. “Real Madrid”ning sobiq futbolchisi sanaladigan Peres Kataloniya klubida uzoq qolgani yo‘q. U o‘zining faoliyati haqida bergan intervyusida negadir Katoloniyada uzoq qolgisi kelmaganini va o‘z xohishi ila klub bilan tuzilgan shartnomani bekor qilganini aytib o‘tadi. Eng qizig‘i shundaki, “Barselona”dan ketgach, uning ishlari yana yurishib ketadi va hatto terma jamoadan ham taklif oladi.
Saviola (2001/07)
Yoshlar o‘rtasidagi JChdan so‘ng, butun dunyo “quyoncha” laqabli hujumchi bilan qizib qolganidan xabaringiz bor. Uning o‘yinlaridan zavqlangan Kataloniya rahbarlari futbolchi bilan shartnoma tuzishadi va unga 7-raqamni topshirishadi. Saviola qanchalar iqtidorli bo‘lmasin, “Barsa” o‘yin falsafasiga sira moslasha olmaydi. Futbolchi o‘zining eng gullagan davrlarini turli klublarda ijara asosida o‘tkazishga majbur bo‘lgani etmaganidek, endilikda o‘yinlarida ham keskin pasayish kuzatiladi. “Barselona” Saviolani sotib yuborishga qancha harakat qilsada, birorta klub uni o‘z safida ko‘rishni istamaydi va futbolchi klubni erkin agent sifatida tark etishga majbur bo‘ladi.
Xenrik Larsson (2004/06)
Shvetsiyalik futbolchi bir qarashda Kataloniyada “o‘ynab ketgan”dek ko‘rinsada, o‘zining eng kuchli davrlarini zaxirada o‘tkazib yuborgani bilangina yodimizda qolgan. Larsson deyarli 90 foiz uchrashuvlarda so‘nggi daqiqalarda maydonga tushar, uning jamoa g‘alabasiga qo‘shgan hissasi haqida aytarli hech qanday fakt yo‘q. To‘g‘ri, u EChLda g‘olib chiqdi, biroq uning keyingi faoliyati juda omadsiz kechadi. Birin-ketin klublarini almashtirgan futbolchining qachon butsalarini mixga ilganini muxlislar payqamay ham qoldi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Eydur Gudonsen (2006/09)
Islandiyalik futbolchi qanchalar “Barselona”da to‘p surishni istasada, jamoaning o‘yin falsafasiga sira mos tushmadi. Bechora Eydur tinimsiz mashq qilsada, jamoadoshlari bilan chiqishib keta olmadi. Asosan zaxiradan maydonga tushish orqali Kataloniyalik muxlislarning yodida qolgan futbolchi haqida ortiqcha so‘zlashning hojati yo‘q. U klub tarixidagi eng omadsiz va tushunarsiz transfer sifatida yodda qoldi xolos.
David Vilya (2010-2013)
Ispaniyalik futbolchi “Barselona” safida ko‘plab sovrinlarni yutgan bo‘lsada, u bu jamoada atigi bir mavsumgina yuqori formada to‘p surdi, xolos. Navbatdagi 7-raqam egasi 2011-yilda “Al Saad”ga qarshi bahsda chap oyog‘ini sindirib oladi va uzoq muddat safdan chiqishga majbur bo‘ladi. Keyinchalik jasorat ko‘rsatib yana safga qaytgan bo‘lsada, avvalgi darajasida futbol namoyish eta olmaydi. Oqibatda klub Neymarni xarid qilgach o‘z istagi bilan “Atletiko Madrid”ga o‘tib ketadi. To‘g‘ri, Vilya jamoaga katta naf keltirgan bo‘lsada, shu jamoa safida orttirgan jarohati tufayli bir necha bor operatsiyalarni boshidan kechirishga majbur bo‘ldi.
Pedro (2005/2015)
Eng qizig‘i shundaki, Pedro 17-raqam ostida jamoada to‘p surgan chog‘lari u tinimsiz gollar urar, final uchrashuvlarida chinakam qahramonliklar namoyish etar edi. Jamoa akademiyasi tarbiyalanuvchisi klubdagi statusi ko‘tarilishi uchun 7-raqamni olgan yiliyoq barchasi o‘zgarib ketdi. U asta-sekinlik bilan zaxirada qola boshladi va hujum chizig‘idagi futbolchilar bilan raqobatda yutqazayotganini sezib qoldi. Oqibatda 2015 yilda Londoning “Chelsi” klubi safiga o‘tib ketdi.
Arda Turan (2015/2017)
Turkiyalik futbolchi “Atletiko Madrid”ning yuragi edi desak, adashmagan bo‘lamiz. Arda maydon bo‘ylab barcha zonalarni yopishga ulgurar, uning o‘yini barchada yaxshi taassurot qoldirar edi. Bir nechta yaxshi mavsumlardan so‘ng Kataloniya klubiga o‘tgan futbolchi hayotidagi eng katta xatoni qildi desak, hech kim shubha qilmasa, kerak. Arda “Barselona”da shu qadar yomon o‘yin ko‘rsatdiki, uni birorta klub sotib olishni istamadi. Bechora futbolchi qanchalar istamasin o‘zining eng zo‘r davrlarini Kataloniya zaxira o‘rindig‘larida o‘tkazib yubordi. Afsuski, bu Ardaning hayotidagi eng qiyin kunlardan biri deya olmaymiz...
Koutino (2018/19)
Nima ham derdik, “Barselona” tarixidagi eng qimmat futbolchi bo‘lishiga qaramasdan Koutino o‘tgan mavsumda jamoaga deyarli yordam bera olmadi. Braziliyalik futbolchi Kataloniyada qanchalar omadsiz mavsum o‘tkazganganidan xabaringiz bor. Iqtidorli, yosh va kuchli futbolchiga “Barselona”da o‘ynab ketishiga nima qarshilik qildi? Balki 7-raqamdir? Yana kim biladi deysiz?!
Fikrlar