
Legionerimiz Turkiyada!
Rossiya Milliy futbol ligasida “Tom” jamoasi sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Vitaliy Denisov chempionatning ikkinchi qismiga Turkiyaning Side shahrida tayyorlanmoqda.
“Tom” jamoasi ayni paytda 26 ta uchrashuvda 17 ochko jamg‘arib, 21-pog‘onada boryapti. Klub rahbariyati kuzda jamoa tarkibida jiddiy o‘zgarishlar qilganiga qaramay, “Tom” xavfli hududdan chiqa olgani yo‘q. Hatto o‘tmishning mashhur futbolchisi bo‘lgan Aleksandr Kerjakov ham bosh murabbiy sifatida jamoani inqirozdan olib chiqa olmayapti.
“Tom” jamoasi matbuot kotibi Sergey Smirnov jamoa rahbariyatini faqatgina besh nafar futbolchining o‘yini qoniqtirayotganini ma’lum qildi.
- Jamoa tarkibidagi faqat besh nafar futbolchiga hech qanday e’tiroz yo‘q – bular Vitaliy Denisov, Richlord Ennin, Chidi Osuchukvu, Evgeniy Balyaykin va Denis Davidov. Bu o‘yinchilar aslida Milliy futbol ligasi darajasidan ancha yuqori va jamoamizning asosini tashkil etadi. Agar ular safimizda avgustdan boshlab o‘ynaganida, hozir natijalar umuman boshqacha bo‘lardi, - deb ta’kidladi Sergey Smirnov.
Rossiyaning mashhur jamoalaridan bo‘lgan va o‘z vaqtida premer-ligada munosib qatnashgan “Tom”ni yanada quyi ligalarga tushib ketmasligi uchun klub rahbariyati qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga katta e’tibor qaratmoqda.
Aleksandr Kerjakov boshchiligidagi murabbiylar shtabi Turkiyada 18 yanvardan boshlangan ilk yig‘inga asosiy tarkibning 18 nafar futbolchisini jalb etdi. Shuningdek, yana sakkiz futbolchi jamoa ko‘rigidan o‘tish uchun taklif etilgan.
Darvozabonlar: Dmitriy Arapov Evgeniy Konyuxov, Nikita Zubchixin;
Himoyachilar: Vitaliy Denisov, Ilya Zuev, Ilya Kalachev, Ivan Lapshov, David Mildzixov, Daniil Penchikov, Anton Sinyak;
Yarim himoyachilar: Ivan Andreev, Oleg Leonov, Aleksandr Sakovich, Artem Simonyan, Denis Talalay;
Hujumchilar: Denis Davidov, Maksim Dmitriev, Richlord Ennin.
“Tom” jamoasining birinchi yig‘ini 30 yanvarga qadar davom etadi. 22 va 29 yanvar kunlari tomsklar ikkita sinov nazorat uchrashuvini o‘tkazishi rejalashtirilgan. Hozir munosib raqib qidirilmoqda. 2 fevraldan Turkiyaning o‘zidan ikkinchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishiladi.
Vitaliy Denisov Milliy futbol ligasining eng sovrindor futbolchisi hisoblanadi. Tajribali legionerimiz faoliyati davomida premer-ligada TsSKA, “Lokomotiv”, “Krilya Sovetov”, “Rubin” kabi jamoalar sharafini himoya qilgan. “Armiyachilar” safida ikki marta mamlakat kubogi sohibi va UEFA kubogi g‘olibi bo‘lgan. “Lokomotiv”da Rossiya chempionatining oltin va bronza medallarini, ikki marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.
2020 yilning sentyabr oyida “Tom” jamoasi tarkibiga qo‘shilgan Vitaliy Denisov joriy mavsumda 10 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning tomskliklar bilan shartnomasi mavsum oxirigacha imzolangan.
Fikrlar