Levandovski, o‘rningga Karim keladi
“Barselona” sport direktori Deku yaqin kelajakda jamoaning 37 yoshli to‘purari Robert Levandovski o‘rnini bosa oladigan hujumchi qidirmoqda.
ESPN hamda Sky Sport nashrlarining ma’lum qilishicha, Kataloniya superklubi mutasaddilariga Bundesligada o‘ynayotgan Karim Adeyemining o‘yini ma’qul kelmoqda.
“Barselona” 23 yoshli hujumchining transferini kelasi yoz amalga oshirishni mo‘ljallayapti. O‘shanda Karim Adeyemining dortmundliklar bilan shartnomasi yakunlanishiga bir yil qolgan bo‘ladi va uni nisbatan arzonroq narxda transfer qilish imkoni tug‘iladi.
Adeyemi 2022 yilning yozidan beri “Borussiya” sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda iqtidorli hujumchi barcha turnirlarda 13 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol va beshta assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
Transfermarkt portali Karim Adeyemining bugungi kundagi transfer narxini 45 million evroga baholamoqda.



Fikrlar