Levandovski Ronaldu va Messining ortidan ketyapti
“Barselona”ning 37 yoshli polshalik hujumchisi Robert Levandovski Yevropa top-chempionatlarida XXI asrda faqat Lionel Messi va Krishtianu Ronalduni qo‘lga kiritgan tarixiy yutuqni takrorladi. Bu haqida Opta Sport statistik portali xabar berdi.
Ispaniya chempionatining 23-turida kataloniyaliklar o‘z maydonida “Malyorka”ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Gollar Robert Levandovski, Lamin Yamal va Mark Bernal hisobiga yozildi.
Statistika ekspertlari taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, Levandovski 2025/2026 yildagi La Liga mavsumida 10 ta gol urdi va shu tariqa XXI asrda Yevropaning besh yetakchi chempionatida ketma-ket 15 mavsumda ikki xonali gollar soniga yetib borgan uchinchi futbolchiga aylandi.
Bungacha bunday natijani faqat Krishtianu Ronaldu (16 mavsum) va Lionel Messi (15 mavsum) qayd etgan. Ronaldu Angliya Premyer-ligasi (“Manchester Yunayted”), La Liga (“Real”) va A Seriyada (“Yuventus”)da, Messi esa Fransiya (“Pari Sen-Jermen”) va Ispaniya (“Barselona”) chempionatlarida bunday yutuqqa erishgan.
Levandovski 2022 yil yozidan beri “Barselona” safida o‘ynab kelmoqda. U ilgari Bundesligada “Bavariya” va “Borussiya Dortmund” jamoalarida ham to‘p surib, gollar urgan.
Joriy mavsumda polshalik forvard barcha musobaqalarda 28 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.
Fikrlar