"Liverpool" Virjil van Deykdan voz kechishga tayyor

  • 14.09.2026 17:03
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Angliyaning mashhur klubi «Liverpul» jamoa sardori Virjil van Deykning ehtimoliy ketishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagani xabar qilinmoqda, deya yozadi TeamTalk nashri.

Niderlandiya terma jamoasining 35 yoshli  markaziy himoyachisining amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan. Klub rahbariyati hozircha uning keyingi taqdiri bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan. Van Deykning kelajagi 2026/27 yildagi mavsumdagi o‘yinlari va jismoniy holatiga qarab baholanishi aytilmoqda. Yangi shartnoma masalasi esa kampaniya yakuniga yaqin ko‘rib chiqilishi mumkin.

Matbuotdagi ma’lumotlarga ko‘ra, van Deykning ehtimoliy o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan nomzodlar sifatida yosh markaziy himoyachilar Jeremi Jake va Jovanni Leoni tilga olinmoqda. Jake klub tomonidan uzoq muddatli loyiha sifatida olingani, Leoni esa kelajakda asosiy tarkib futbolchisiga aylanishi kutilayotgani ta’kidlanadi.

«Virjil van Deykning uzoq muddatli kelajagi bo‘yicha hali hech qanday qaror qabul qilinmagan. Biroq  «Liverpul» so‘nggi bir necha mavsumda imzo chekkan yosh futbolchilar orqali undan keyingi hayotga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Klubga Jeremi Jake va Leoni keldi —  «Liverpul» jamoa ichida rivojlanishi mumkin bo‘lgan futbolchilar bilan kelajakni qurishga urinayapti», — deya ta’kidlagan jurnalist Pit O’Rurk.

Shu bilan birga, manbaga ko‘ra, mersisaydliklar sardor bilan tezda xayrlashish niyatida emas: «Van Deyk maydonda foyda keltirayotgan ekan, u jamoaning o‘ta muhim qismi bo‘lib qolaveradi. U klub sardori, shu bois hech kim unga shoshma-shosharlik bilan chiqish eshigini ko‘rsatmaydi. Biroq unsiz kelajakka oid reja allaqachon mavjud va endi bu yosh futbolchilar oldinga qadam qo‘yishiga to‘g‘ri keladi», — deyiladi xabarda.

Van Deyk 2018 yil yanvaridan beri «Liverpul» sharafini himoya qilib kelmoqda. U jamoa bilan birga Angliya chempioni bo‘lgan, shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!