
“Liverpul” Arnoldga o‘rinbosar topdi
Angliyaning “Liverpul” klubi yozda ketishi aniq bo‘lgan Trent Aleksandr-Arnold o‘rniga “Bayer” himoyachisi Jeremi Frimpongni sotib olishi mumkin.
Xabaringiz bor, Trentning klub bilan shartnomasi yozda o‘z nihoyasiga etadi. Futbolchi esa mavsum so‘nggida jamoa bilan xayrlashib Madridning “Real” klubiga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda. Shu sababli, mersesaydliklar hozirdanoq angliyalik himoyachiga o‘rinbosar qidirishni boshlab yuborgan.
“Teamtalk” nashrining xabar berishicha, Arne Slot klubi uchun Xabi Alonso shogirdi Frimpong eng yaxshi variant sifatida ko‘rilmoqda. Manbaga ko‘ra, niderlandiyalik himoyachi yaxshi maosh evaziga Angliyaga ko‘chib o‘tishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 24 yoshli himoyachi bu mavsum Germaniya jamoasi safida 24 ta o‘yinda ishtirok etib, 2 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning klub bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 50 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar