Magomed Ankalayevning navbatdagi raqibi oydinlashmoqda
Yarim og‘ir vaznda UFC sobiq chempioni 12 dekabr kuni oktagonga qaytishni rejalashtirmoqda
Yarim og‘ir vaznda UFC sobiq chempioni Magomed Ankalaev 12 dekabr kuni Las-Vegasda o‘tadigan "UFC 335" turnirida oktagonga qaytishni rejalashtirmoqda. Uning ehtimoliy raqibi o‘rta vazn toifasining sobiq chempioni Drikus Dyu Plessi bo‘lishi mumkin. Bu haqida rossiyalik jangchi Azamat Bostanovga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Biz dekabr oyida "UFC 335" turnirida jang qilishni rejalashtiryapmiz. Hozircha kutyapmiz. Gap-so‘zlarga ko‘ra, Drikus Dyu Plessi yuqori vaznga ko‘tarilmoqchi va men bilan jang tashkil qilinishi mumkin. Ayni paytda menda bor ma’lumot shu, boshqa yangilik yo‘q.
U og‘ir bahslarni boshdan kechirgan, xarakteri bor yigit. Men uchun ham bu qiziq to‘qnashuv bo‘ladi. Hozir hamma yuqori vaznga chiqyapti, hech kim vazn tashlashni istamayapti. Bu yerda toblangan, tajribali jangchilar yig‘ilgan. Uittaker yuqori vaznga chiqib Krilovni mag‘lub etdi. Kosta esa Murzakanovdan ustun keldi. Menimcha, divizionimizdagi eng qiziq voqealar hali oldinda", — dedi Magomed.
Eslatib o‘tamiz, Magomed Ankalaev "UFC Abu Dhabi" turnirida Bogdan Gus’kovni beshinchi raundda texnik nokautga uchratgandi. Drikus Dyu Plessi esa so‘nggi jangida Kamaru Usmanni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etdi.

Izohlar (0)