
Marchello Lippini hayron qoldirgan Usmon Toshev
Xabaringiz bor, Tojikiston milliy terma jamoasini siz-u, bizga yaxshi tanish bo‘lgan mutaxassis Usmon Toshev boshqarib kelmoqda. Bunga qadar u Tojikiston olimpiya terma jamoasiga ustozlik qilgan bo‘lsa, endi o‘z-o‘zidan milliy jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Ayni paytda Usmon Qudratovich boshchiligida ish qizg‘in davom etmoqda.
Lippi bilan suhbat
Yaqinda Tojikiston Toshev boshchiligida safarda Marchello Lippi boshqaruvidagi Xitoyga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi. Ushbu bellashuvda xitoyliklar tomonidan kiritilgan yagona gol mezbonlarga g‘alaba keltirdi. Safardan qaytib kelgan Usmon Toshev esa avvalo Xitoyga qarshi uchrashuv va Marchello Lippi bilan suhbat haqida gapirdi.
- Xitoyga qilgan safarimiz yaxshi o‘tdi. O‘yin ham ajoyib tarzda kechdi. To‘g‘ri, biz Xitoy terma jamoasiga 0:1 hisobida yutqazdik. Ammo internetga kirib «Yutub» tarmog‘i orqali Xitoy – Tojikiston uchrashuvini ko‘rsangiz, o‘yin qanday o‘tganini ko‘rasiz. Bilasizmi, o‘yindan so‘ng Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Marchello Lippi bilan gaplashganimizda, tojiklarning bunday o‘yin ko‘rsatishini kutmagandim, to‘g‘risi, qoyil qoldim. Garchi hisobda biz yutgan bo‘lsak-da, o‘yin bo‘yicha sizlar bizni yutdinglar, degan fikrlarni aytib o‘tdi. Lippi matbuot anjumanida ham 1:0 hisobidagi g‘alaba bizga hech nima bermadi, ammo bugungi o‘yin bizning ko‘zimizni ochdi, dedi. Albatta, jahondagi top-murabbiydan bunday so‘zlarni eshitish yoqimli. To‘g‘ri, biz uchrashuvni u qadar yaxshi boshlay olmadik va dastlabki 15 daqiqada futbolchilarimiz hayajon tufayli o‘yinlarini ko‘rsata olishmadi. Lekin shundan keyin to uchrashuv oxirigacha tajovuzkor o‘yin ko‘rsatdik. Bilasizmi, biz yutqazgan bo‘lsak-da, o‘yinimiz hammaga ma’qul keldi. Tojikiston futboli rahbarlari va muxlislari o‘yindan qoniqish hosil qilishgani tufayli menga shunday gaplarni yozishyaptiki, hali bunaqasini eshitmagandim. Xorijda ishlayotgan do‘stlarim ham bu o‘yinni «Yutub» orqali ko‘rishibdi va menga qo‘ng‘iroq qilib yaxshi o‘yin bilan tabriklashdi. Bir so‘z bilan aytganda, ishlarimiz reja asosida davom etyapti. Lekin Xitoydan qaytishimizda muammolarga to‘qnash keldik. Buning natijasida 48 soat yo‘lda qolib ketdik. Guanchjouda katta do‘l yog‘di. Natijada o‘sha erda ma’lum vaqt qolib ketishimizga to‘g‘ri keldi. Keyin boshqa shaharga borganimizda u erda 12 soat qolib ketdik. Xullas, shunday qilib uyga qaytib keldik. Endi Toshkentda darslarim bor. Murabbiylarning 3-modulini o‘tkazamiz. Shundan keyin yana Tojikistonga jo‘nab ketaman. Rahbariyat bizga yangi topshiriqlarni beryapti. Endi ular bizni Evropadagi yig‘inga jo‘natishmoqchi. Chunki ular ham jamoamizda o‘sish borligini ko‘rishyapti.
Keyingi rejalar xususida
Hozircha Usmon Toshev va Tojikiston terma jamoasi reja asosida o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazib kelishmoqda. Xitoyga qarshi uchrashuvdan keyin esa tojiklar qisqa muddatli ta’tilga chiqishgan. Ammo oldinda hali yana bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari ham bor. Bu haqida bosh murabbiy keyingi rejalari haqida to‘xtalar ekan, jumladan shunday dedi:
- Rejalarimizga kelsak, endi biz Hindistonga safar uyushtiramiz. Bu haqida ikki oy oldin kelishib qo‘ygandik. U erda Hindiston, Suriya, KXDR va Tojikiston terma jamoalari ishtirokida «International Cup» xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi. O‘sha kichik turnirdan keyin boya aytganimdek, Evropaga ketamiz. Bu safarimizni avgust oyiga rejalashtiryapmiz va o‘zimizga ma’qul joyni tanlaganimizdan keyin o‘sha erda 14 kun shug‘ullanamiz. Yana shuni ham aytmoqchimanki, Evropaga ketishimizdan oldin balki yana bitta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishimiz ham mumkin. Bu borada Xitoy yana bir bor o‘yin o‘tkazish taklifi bilan chiqmoqda. Qolaversa, Iordaniya ham biz bilan o‘rtoqlik uchrashuvini uyushtirishni xohlamoqda. Biz bu borada o‘ylayapmiz. Chunki Tojikistonda ichki chempionat bahslari ham bor va buni ham inobatga olishimiz kerak. Agar chempionat o‘yinlarini to‘xtatib tursak, unda o‘yinlar yana qolib ketadi. Umuman olganda, iyul va avgust oylari biz uchun tig‘iz taqvim asosida o‘tadi. Sentyabr oyidan esa jahon chempionati uchun saralash bahslari boshlanadi. Muhimi, o‘sha pallaga kelib tayyor holatda bo‘lishimiz kerak.
JCh saralashidagi bo‘lajak raqiblar haqida
Albatta, Tojikiston terma jamoasi ham boshqa termalar qatori JCh-2022 saralash bahslariga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston terma jamoasi ham sentyabr oyida boshlanadigan saralash bahslariga hozirlik ko‘rmoqda va ular qur’a tashlashdan oldin ikkinchi savatchadan joy olishgan. Tojikiston esa bu borada uchinchi savatchaga kiritilgan. Vaziyat shundayki, qur’a ikkala jamoani bir guruhga to‘g‘rilab qo‘yishi ham mumkin.
- Biz O‘zbekiston bilan to‘qnash kelishni xohlaymizmi-yo‘qmi, baribir ular bilan ro‘baro kelishimiz mumkin, - deya mavzuni davom ettirdi, Toshev. - Bizning savatchadan reytingda pastroq bo‘lgan terma jamoalar joy olishgan. O‘zbekiston esa ikkinchi savatchada. Shuning uchun bir guruhdan joy olishimizning ehtimoli katta. Lekin bizga guruhda qanday jamoalar tushishining u qadar katta farqi yo‘q. Yoki bizga kuchsiz jamoalar tushishi borasida ham aytish mumkin. Ammo o‘zimiz sustroq jamoalar orasidamiz. Lekin biz o‘z kuchimizni ko‘rsatishga majburmiz. Istasak-istamasak guruhimizda kuchli terma jamoalar bo‘ladi. O‘zbekiston ham men aytayotgan kuchli raqiblardan bittasi. Nima ham qilardik, qanday raqib tushishidan qat’iy nazar o‘ynashimiz kerak. Bu O‘zbekistonmi, Eronmi yoki Yaponiya bo‘ladimi, farqi yo‘q. Lekin murabbiy sifatida shuni aytmoqchimanki, bizga qancha ko‘p kuchli jamoalar to‘qnash kelsa, o‘zimiz uchun shuncha yaxshi bo‘ladi. Agar keyingi bosqichga chiqa olmasak ham bunday o‘yinlar biz uchun katta dars bo‘ladi. Lekin imkoni qadar o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarib, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz. Har holda bizning ham kuchimiz va fikrimiz bor. Terma jamoadagi yigitlar futbol o‘ynashga juda chanqoq. Asosiysi, ularning o‘zlarida ishonch ortib boryapti. Albatta, bizga oson bo‘lmasligini ham bilamiz. Masalan, O‘zbekiston kuchli jamoa. Ularning Suriya bilan o‘yinini ham ko‘rdim. Agar O‘zbekiston bilan o‘ynasak bundan xursand bo‘laman. Ishonamanki, O‘zbekiston terma jamoasi yanada kuchayib boraveradi.
Maqsad
Ko‘rib turganingizdek, Toshev vaziyatga real baho bermoqda va O‘zbekiston bilan bir guruhdan joy olishi mumkinligini ham istisno qilmayapti. Tojikiston Usmon Qudratovich boshchiligida JCh-2022 saralash bahslarida qanday natija ko‘rsatishi ham biz uchun qiziq. Har holda bu termani o‘zbekistonlik mutaxassis boshqarmoqda. Shu o‘rinda uning oldiga qanday maqsad qo‘yilishi haqida so‘raganimizda quyidagicha fikr bildirdi.
- Hozircha oldimizga aniq vazifa qo‘yilmagan. Chunki bizda hozircha tarkibni shakllantirish jarayoni ketmoqda. Boisi 11 nafar asosiy o‘yinchilarni aniqlashtirishga harakat qilyapmiz. Lekin shuni aniq bilamanki, har qanday holatda ham bizga guruhdan chiqish vazifasi qo‘yiladi. Har qanday jamoa ham qandaydir maqsad uchun kurashadi. Agar sizda vazifa bo‘lmasa unda futbol o‘ynashdan ma’no yo‘q.
Muhsin Muhammadiev xususida
Darvoqe, o‘tgan haftada tojikistonlik taniqli murabbiy Muhsin Muhammadiev «Buxoro» klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi. O‘z vaqtida Tojikiston milliy terma jamoasini boshqargan murabbiy Usmon Toshev bilan do‘stona munosabatlarga ega. O‘z navbatida o‘zimizning mutaxassis Muhammadiev haqida ijobiy fikrlarini aytib o‘tdi.
- Muhsin Muhammadievning chempionatimizga kelganini ijobiy baholayman. Men Muhsinni juda yaxshi bilaman. U bilan do‘stmiz va tez-tez muloqot qilib turamiz. Dushanbeda u bilan ancha avval ko‘rishgandim va o‘shanda uning «Buxoro» bilan muzokara olib borayotganidan xabardor edim. To‘g‘risi, uning «Buxoro»da ish boshlashini bilardim. Keyin esa uni bu lavozimga tayinlangani bilan tabrikladim. Muhammadiev futbolimizga yaqin inson va juda xushchaqchaq. Taniqli bo‘lsa-da, o‘zini sira katta tutmaydi, juda kamtar. Agar rahbariyat uni qo‘llab-quvvatlasa jamoani o‘zi istagan darajada tayyorlay oladi.
O‘FAdagi o‘zgarishlarga munosabat
O‘zbekiston futboli assotsiatsiyasida yuz bergan o‘zgarishlarga mutaxassislar o‘z munosabatlarini bildirishmoqda. Tabiiyki, Usmon Toshev ham bunday o‘zgarishlarga befarq emasdi. Shu bois Umid Ahmadjonovning o‘rniga tayinlangan Ravshan Ermatov borasida ham o‘z mulohazalarini bildirdi.
- Bilasizmi, vaziyatga umumiy qaraydigan bo‘lsak, har bir qarorni rahbariyat obdon o‘ylab keyin chiqaradi. Shunga asosan Ravshan Ermatov O‘FAning birinchi vitse-prezidenti bo‘ldi. Alim Arifov esa uning maslahatchisiga aylandi. Avaz Maqsumov esa bosh kotib bo‘ldi. Aytmoqchimanki, bu o‘ylab qilingan qaror. Chunki bularning hammasi futbolning ichida yuribdi. Ravshanning bu lavozimda ishlashga rozi bo‘lganidan xursand bo‘ldim. U bizning Xitoy bilan o‘yinimizda hakamlik qilgandi. O‘sha erda u bilan gaplashgandik. Ermatov hozirgi zamon futbolida nima qilish kerakligini va nima zarurligini biladi. Lekin uning oldida katta ish va vazifalar turibdi. Faqat unga erkinlik berib, ishiga to‘sqinliq qilmaslik lozim. Evropa va Osiyo futbolini juda yaxshi tushunadi. Uning dunyo futboli bo‘yicha yaqinlari va tanishlari ko‘p. Ishonchim komilki, u kimdan qanday maslahat so‘rashni biladi. Aytmoqchimanki, bu yaxshi qaror bo‘ldi. Ermatovning O‘FAda ish boshlashi futbolimiz uchun katta plyus. Hali ko‘rasiz, futbolimizda yanada yaxshi holatlar bo‘ladi. Ammo endilikda u hakamlikni davom ettiradimi yoki yo‘qmi, bunisini bilmadim. Lekin shuni bilamanki, Tojikiston futbol federatsiyasida bosh kotib bo‘lib ishlaydigan Davlatmand ismli mutaxassis halqaro o‘yinlarda nazoratchi va komissar bo‘lib ishlaydi. Hakamlik masalasida qanday qaror chiqarishni Ravshanning o‘zi biladi. Avaz Maqsumovning O‘FA bosh kotibiga tayinlanishi ham yaxshi qaror bo‘ldi.
Fikrlar