"Mash’al"da bosh murabbiy o‘zgardimi?

  • 25.09.2022 15:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Xalqimiz orasida jo‘jani kuzda sanaymiz, degan maqol bor. Hozir shu paytga etib kelyapmiz. Ya’ni, pro ligada ikkita davra yakuniga etgach, klublar ikkiga ajratilganini bilasiz. Dastlabki beshtalik Superliga yo‘lidagi kurashni davom ettirsa, quyi beshtalik jon saqlab qolish yo‘lida harakatni davom ettiradi. Yaqinda yuqori beshtalik jamoalari uchun navbatdagi uchrashuvlar uchun qur’a tashlangan. 5 ta klub yana 8 ta o‘yin o‘tkazadi va bu ikki davrali tizim asosida davom etadi. Ishtirokchilari ma’lum vaqt tanaffusda bo‘lgach, yana “sahnaga” qaytishdi va  24 sentyabr kuni 19-tur bahslariga start berildi.

Muborakda “Mash’al” klubi pro liga peshqadami “Andijon”ni qabul qildi. Yaqinda, aniqrog‘i 7 sentyabr kuni ushbu jamoalar “Mash’al” maydonida kuch sinashishgan bo‘lib, unda andijonliklarning qo‘li baland kelgandi – 1:2. Umuman olganda, birinchi davradagi uchrashuvda ham “Andijon” o‘z uyida “Mash’al”ni 2:1 natijasi bilan mag‘lub etgan. Xullas, joriy mavsum hisobidan bu jamoalar uchinchi bor to‘qnash kelishdi.

Bilasiz, “Andijon” pro ligada yakka peshqadam bo‘lib turgani sababli navbatdagi o‘yinda favorit maqomiga ega edi. Chunki Viktor Kumikov jamoasi Superligaga qaytish uchun birinchi raqamli da’vogar va bu yo‘ldagi imkoniyati boshqalarnikiga qaraganda baland. Faqat hammasi jamoaning o‘z qo‘lida. Ammo yuqori beshtalikdagi ishtirokchilar o‘rtasidagi kurash yanada jiddiy tus olishi muqarrar. Chunki endi oson raqiblar yo‘q. Hammasi Superliga ishtiyoqida “yonayotgan” jamoalar qoldi.

mash’al pro1

Darvoqe, “Mash’al” – “Andijon” bellashuvidan avval mehmonlar bosh murabbiyi Viktor Kumikov avgust oyining eng yaxshi murabbiyi nomiga atalgan maxsus statuetkani qabul qilib oldi. Chunki o‘tgan oyda Kumikov jamoasi bilan pro ligada 3 ta va Kubok doirasida 1 ta uchrashuvda g‘alaba qozondi.

O‘yin davomida yana bir jihat e’tiborimizni tortdi. Gap shundaki, “Mash’al” klubida bosh murabbiy o‘zgardi, degan xabar qulog‘imizga chalingandek bo‘ldi. Ammo bu xabar tasdiqlanmagandi. O‘yinda ko‘rganimiz shu bo‘ldiki, murabbiylar shtabida Bobur Zuhriddinov paydo bo‘lgan. Bungacha u “Mash’al” U-19 jamoasida ishlayotgandi. Undan avval esa Zuhriddinovni “Zomin”da ham faoliyat olib borayotgani xususida ma’lumotga ega edik. Xullas, Zuhriddinov asosiy jamoaga o‘tkazilgan. Amaldagi bosh murabbiy Dilyaver Vaniev esa sog‘ligi bilan bog‘liq muammo tufayli oxirgi paytlarda mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmagani ma’lum bo‘ldi. Shundoq ham “Mash’al”ning so‘nggi bellashuvlarida ham matbuot anjumanida Vaniev qatnashmayotgandi (garchi o‘yinda bo‘lsa ham). Misol uchun o‘tgan safar “Andijon” bilan ikkinchi davra bahsida yordamchi murabbiy Otabek Narzullaev Vanievnnig o‘rnida matbuot anjumanida qatnashgan. Kechagi bahsda murabbiylar shtabida Vanievni ham ko‘rdik, Zuhriddinovni ham. Narzullaev esa U-19 jamoasiga o‘tkazilganini eshitdik. Qizig‘i, uchrashuv davomida ko‘pincha Vaniev emas, balki Bobur Zuhriddinov futbolchilarga ko‘rsatma berib turganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham Zuhriddinov qatnashdi. Unga bosh murabbiy o‘zgardimi, deya savol berdik. “Dilyaver akani ozgina mazasi yo‘q edi. O‘yinga 3 kun qolganida qo‘shildi. Ungacha men yordam berib turgandim. Hozir biz birgalikda ish olib boryapmiz”, - deya javob berdi Bobur.

mash’al pro2

Ammo rasmiy qaydnomalarda bosh murabbiy sifatida Vaniev nomi ko‘rsatilyapti. Biroq matbuot anjunida boshqasi qatnashyapti. Bizningcha, bularning hammasi jamoaning ichki ishi hisoblanadi. “Mash’al” esa bu safar “Andijon”ga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Jamoa o‘yinida ham biroz o‘zgarish ko‘zga tashlandi. Ayniqsa, muborakliklar ikkinchi bo‘limda bir qator qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Birinchi bo‘limda esa “Andijon” bir nechta golli vaziyatlardan foydalana olmaganiga guvoh bo‘ldik.

Nursiz durangdan keyin “Andijon” hamon yakka peshqadamligini saqlab qolmoqda. “Mash’al” esa Superliga yo‘lida etakchidan bir ochko tortib oldi, deyish mumkin. Qolgan bahslar yanada qiziq o‘tadi, bu aniq!  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!