Mashhur yulduz terma jamoaga bosh murabbiy bo‘ldi
Madridning "Atletiko" klubi sobiq hujumchisi Diego Forlan Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Marselo Byelsa o‘rnini egalladi. Bu haqida Urugvay futbol assotsiatsiyasi (AUF) prezidenti Ignasio Alonso ma’lum qildi.
Urugvay terma jamoasi AQSh, Kanada va Meksikadagi jahon chempionatida, 2022 yildagi musobaqada bo‘lgani kabi, pley-off bosqichiga chiqa olmadi.
May oyida Marselo Byelsa jahon chempionati yakunlangach, terma jamoani tark etishini e’lon qilgan edi.
- AUF ijroiya qo‘mitasi Diego nomzodini ma’qulladi. Biz u bilan hali 2022 yildayoq uchrashib, loyihamizga jalb etishga harakat qilgan edik. Hozir u juda ruhlanib turibdi, – deya Alonso so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
Ma’lum qilinishicha, Forlan kamida 2027 yilning mart oyigacha milliy jamoaga rahbarlik qiladi. Shundan so‘ng AUF yangi mutaxassis izlash yoki Forlan bilan hamkorlikni davom ettirish masalasini ko‘rib chiqadi.
Yangi bosh murabbiy shuningdek 20 yoshgacha bo‘lganlar terma jamoasi bilan ham ishlaydi. Ushbu yoshlar jamoasi yanvar oyida yoshlar o‘rtasidagi Amerika kubogi musobaqasida ishtirok etadi.
47 yoshli Forlan besh yillik tanaffusdan so‘ng yana murabbiylik faoliyatiga qaytmoqda. U bungacha Urugvayning "Penyarol" va "Atenas" jamoalarini boshqargan. Futbolchi sifatida Forlan "Manchester Yunayted" tarkibida Angliya chempioni bo‘lgan. "Atletiko" bilan Yevropa Ligasi va UEFA Superkubogi g‘olibligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u ikki karra "Oltin butsa" sohibi (2005, 2009) va 2010 yildagi jahon chempionatida eng yaxshi o‘yinchi, deb topilgan.

Fikrlar