Mayk Tayson sevimli bokschisi kimligini aytdi
Superogʻir vaznda sobiq mutlaq jahon chempioni Mayk Tayson oʻzining sevimli bokschisi kimligini aytdi, deb xabar berdi ESNEWS nashri.
Amerikalik afsona oʻz tanlovini toʻrt vazn toifasida jahon chempioni boʻlgan Roberto Dyuranda toʻxtatgan. Taysoning taʼkidlashicha, u yoshligidanoq panamalik bokschini oʻziga yaqin his qilgan, chunki ikkalasining bolalik yillari ogʻir sharoitda oʻtgan.
— Roberto Dyuran. U men kabi qashshoqlikda ulgʻaygan. Men Muhammad Alidek yoqimtoy va chiroyli emasdim, koʻchadan chiqqan yigit edim. Shuning uchun Dyuranga oʻxshashni istardim — u mening oʻziga xos timsolim edi, — dedi Mayk Tayson.
Avvalroq «Temir Mayk» aynan Ali unda boksgʻa boʻlgan qiziqishni uygʻotganini aytgan edi. Biroq uning soʻzlariga koʻra, Dyuran va Shugar Rey Leonard uni ringga chiqishni jiddiy istashga majbur qilgan. Tayson panamalik sportchining uslubi oʻz tabiatiga yaqin boʻlganini taʼkidlaydi: hujumkor boks, doimiy bosim va qattiq zarbalar almashuviga tayyorlik.
«Toshdek mushtaklar» laqabini olgan Roberto Dyuran engil, yarim oʻrta, birinchi oʻrta va oʻrta vazn toifalarida jahon chempioni boʻlgan. Uning eng yorqin gʻalabalaridan biri 1980 yildagi Shugar Rey Leonardga qarshi birinchi jang hisoblanadi. Oʻsha bahsda Dyuran hakamlarining bir ovozdan chiqarilgan qarori bilan gʻalaba qozonib, yarim oʻrta vaznda WBC kamarini qoʻlga kiritgan.
Dyuran professional ringda qariyb yarim asr davomida jang qilgan. U oʻz faoliyatini 103 gʻalaba, 16 magʻlubiyat va 70 nokautdan iborat rekord bilan yakunladi. 2007 yilda u Xalqaro boks shon-sharaf zaliga kiritilgan.
Mayk Tayson esa hanuzga qadar superogʻir vazn tarixidagi eng yosh jahon chempioni sifatida qolmoqda. 1986 yilda u 20 yoshida Trevor Berbikni nokautga uchratib, WBC kamarini qoʻlga kiritgan edi.

Fikrlar