Mbappe Husanovning jamoasini tilga oldi

  • 09.09.2025 06:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Manchester Siti”ga muxlislik qilishini inobatga olib, sports.uz portali ushbu klubga oid qiziqarli ma’lumotlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.

Frantsiya terma jamoasi va “Real” klubi etakchisi Kidian Mbappe Angliya Premer-ligasining yangi mavsumida chempionlik uchun kurash qaysi jamoalar o‘rtasida kechishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Chempionlik haqida gapirganda, albatta, birinchi bo‘lib “Liverpul”ni ta’kidlash lozim. Chunki ular sovrinlarni ketma-ket yutishni maqsad qilgan.

Lekin men “Arsenal”ning chempion bo‘lishiga ham katta umid bog‘laganman. “Kanonirlar”ning aksariyat o‘yinchilari uzoq vaqtdan beri birga o‘ynamoqda va bir birlarining imkoniyatlarini juda yaxshi biladi. Bu futbolchi muhim ahamiyat kasb etadigan omillardan hisoblanadi.

Xo‘sh, kim chempion bo‘ladi? Hozirdan aytish qiyin. Balki “Arsenal”dir. Bu mavsum ularniki bo‘lishi mumkin. Biroq bu borada “Manchester Siti” yoki “Liverpul” chempion bo‘ladi, deyish haqiqatga yaqinroq, - dedi Kilian Mbappe.

Ta’kidlash joizki, Kilian Mbappe etakchiligidagi “Real” Evropa Chempionlar ligasi yangi mavsumida “Manchester Siti” bilan kuch sinashadi. Bu uchrashuv 10 dekabr kuni “Santyago Bernabeu” stadionida tashkil etiladi.

O‘tgan mavsum bu ikki jamoa 1/8 finalga chiqish uchun o‘tkazilgan pley-offda o‘zaro to‘qnash kelgan va o‘shanda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “Qirollik klubi” vakillari keyingi bosqichga yo‘l olgandi. O‘sha bellashuvda Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilardan biri sifatida e’tirof etilgan edi.

“Manchester Siti” qishda himoyani mustahkamlaydi

Angliya Premer-ligasining dastlabki uchrashuvlarida Xosep Gvardiola jamoasida o‘ng qanot himoyasi eng nozik nuqta ekani ko‘rinib qoldi.

Endi bu pozitsiyada o‘ynab kelayogan Mateush Nunesh va Riko Lyuis bor mahoratlarini ishga solib, asosiy tarkibdagi o‘rni uchun kurashishiga to‘g‘ri keladi.

Manchester Evening News nashrining ma’lum qilishicha, Xosep Gvardiola qishki transferlar oynasi ochilishi bilan o‘ng qanot himoyasiga boshqa o‘yinchi olib kelishni mo‘ljallayapti.

Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” bu pozitsiyani mustahkamlash uchun yana Tino Levramento nomzodiga qaytgan. Manchesterliklar yozda ham Tinoga qiziqish bildirgan edi.

Aslida “Chelsi” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 22 yoshli futbolchi 2021 yili “aristokratlar” safini tark etib, “Sautgempton”ga qo‘shilgan edi. Livramento 2023 yilning yozida “Nyukasl Yunayted” taklifini qabul qilib, hozirga qadar shu jamoada o‘ynayapti.

Transfermarkt portali ekspertlari har ikki qanotda o‘ynay oladigan Livramentoni 40 million evroga baholagan.

Eslatib o‘tamiz, asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir Husanov ham har ikki qanotda ishonchli harakat qila oladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Xosep Gvardiola qishki transferlar oynasi ochilgunga qadar ayrim uchrashuvlarda o‘zbek legionerini o‘ng qanot himoyasida o‘ynatishni mo‘ljallayapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!