Mbappe «Real»ga amalga oshmagan Olise transferi haqida gapirdi
Kilian Mbappe Maykl Olisega «Bavariya»da qolishni ma’qul ko‘rib, uni «Real»ga chaqirish adolatsizlik bo‘lishini aytdi.
«Real» klubining yulduz hujumchisi Kilian Mbappe yozgi transfer oynasida hamyurti Maykl Olise madridliklar safiga o‘ta olmagani haqida jurnalistlar savollariga javob berdi.
Mbappe Bild nashriga bergan izohida Olise atrofidagi mish-mishlardan xabardor bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, u transfer jarayonlarini o‘z tajribasidan yaxshi bilishini, shu sababli bu mavzuda ehtiyotkorlik bilan fikr bildirishini ta’kidladi. «Real» hujumchisiga ko‘ra, Olisega boshqa jamoaga o‘tishni maslahat berish to‘g‘ri bo‘lmasdi.
«Bu «Bavariya»ga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Axir bu ham juda katta klub, u yerda Maykl katta yutuqlarga erisha oladi», — dedi Mbappe.
Eslatib o‘tamiz, yozda ommaviy axborot vositalarida «Real» Maykl Oliseni o‘z safiga qo‘shib olishni istagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq ma’lumotlarga ko‘ra, «Bavariya» o‘z yetakchilaridan birini qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmagan.
Izohlar (0)