Mbappe “Real”ga superfutbolchi olib keladi
“Real” etakchisi Kilian Mbappe Frantsiya terma jamoasi hujum chizig‘ida o‘zi bilan birga o‘ynayotgan Maykl Oliseni shaxsan “Qirollik klubi”ga taklif qildi.
Defensa Central nashrining yozishicha, Mbappe ayni paytda “Bavariya”da o‘ynayotgan hujumkor futbolchini olishni so‘rab, “Real” sport direktori Yuni Kalafatga ham murojaat qildi.
Shunga qaramay, Madrid klubi rahbariyati Oliseni olishga shoshilmaydi. Chunki hozir jamoa etarlicha hujumkor futbolchilarni jamlagan.
23 yoshli Maykl Olise Angliya futboli grandlari – “Arsenal”,”Chelsi”, “Manchester Siti” hamda “Reding” yoshlar jamoalarida o‘ynagan. Professional faoliyatini 2020 yili “Reding”da boshlagan. Keyin to‘rt yil “Kristal Pelas”da to‘p tepdi.
“Bavariya” o‘ng qanot hujumchisini 2024 yilning yozida 53 million evroga o‘z safiga qo‘shib oldi. Olise o‘tgan mavsum 55 ta uchrashuvda 20 ta gol urdi, 23 ta assist qayd etdi va myunxenliklar safida Bundesliga chempionligi va Germaniya kubogini qo‘lga kiritdi.

Fikrlar