"Meksika-2011" qahramonlari bugun qaerda?

  • 23 avgust, 2019, 08:52
  • 0
  • Futbol

2011 yili 17 yoshli futbolchilar o‘rtasida Meksikada tashkil etilgan jahon chempionatida terma jamoamiz chorak finalgacha etib kelib, futbolimiz tarixidagi eng yaxshi natijalardan birini qo‘lga kiritgandi. O‘sha avlodga futbolimizning kelajagi sifatida qaralgandi. Afsuski, keyin hammasi aksincha tus oldi va aksariyat o‘yinchilar faoliyatlarini hatto tugatishga ham majbur bo‘lishdi. Natijada jahon chempionatidagi qahramonlarimizning ko‘pchiligi futboldan uzoqlashib ketishdi. Albatta, buning sabablari bor. O‘sha paytda bosh murabbiy bo‘lgan Aleksey Evstafeev ham hozirda Rossiyaga ko‘chib ketgan va Kaliningradda bolalar murabbiyi sifatida ishlab kelmoqda. Biz esa «Meksika-2011» qahramonlarining bugungi holati haqida so‘z yuritamiz.

Ism-familiyasi: G‘anisher Xolmurodov

Ampluasi: darvozabon

Tug‘ilgan sanasi: 29.11.94

Qaerdan taklif qilingan: «Mash’al»

Hozir qaerda: DXX xodimi

Qarshilik G‘anisher Xolmurodov o‘sha paytda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining birinchi raqamli darvozaboni edi. Mundialdagi barcha – 5 ta o‘yinda terma jamoamiz darvozasini 100 foiz G‘anisher Xolmurodov qo‘riqlagandi. Mazkur o‘yinlarda esa o‘z darvozasidan 8 ta to‘p olib chiqqan. Nimchorak finalda Avstraliyaga qarshi bellashuvda esa u darvozasining daxlsizligini saqlay olgandi ham. O‘sha paytda iqtidori yuqori baholangan posbon keyinchalik futbolda ko‘rinmay ketdi. Anig‘i shuki, G‘anisher futboldagi faoliyatini tugatgan. Institutda o‘qishni istagan sobiq darvozabonning bugungi kunda Qarshida davlat xavfsizlik xizmatida ishlayotgani haqida eshitdik.

Ism-familiyasi: Abdumavlon Abdujalilov

Ampluasi: darvozabon

Tug‘ilgan sanasi: 22.12.94

Qaerdan taklif qilingan: «Paxtakor»

Hozir qaerda: «Bunyodkor»

Bo‘ydor darvozabon sanalgan Abdumavlonning mundialdan keyingi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u turli sinov va mashaqqatlarni bosib o‘tdi. Bir necha yil davomida «Neftchi» jamoasi sharafini himoya qildi. O‘rinbosarlar safida o‘ynaganida yoki zaxirada qolib ketgan paytlarida ham u sabr bilan o‘z vaqti kelishini kutdi. Natijada «Neftchi»da vaqti kelganda asosiy tarkib a’zosiga ham aylana oldi. Hozirgi kunda esa u «Bunyodkor»da faoliyat olib boryapti. Vadim Abramov ushbu posbonga ham ishonch bildirmoqda.

abdujalilov

Ism-familiyasi: Sergey Smorodin

Ampluasi: darvozabon

Tug‘ilgan sanasi: 15.02.94

Qaerdan taklif qilingan: «Paxtakor»

Hozir qaerda: Maldiv orollarida

Smorodinga ham Abdujalilov singari Meksikadagi jahon chempionatida maydonga tushish nasib qilmagan. Ammo ular tarkibdagi raqobatni «ushlab» turishgan. Buning ustiga Sergey ham «Paxtakor» akademiyasidan chiqqandi. Hozircha uning faoliyatida katta o‘sish bo‘ldi deb ayta olmasak-da, har holda boshqalar kabi futbolni tashlab yuborgani yo‘q. U «Paxtakor-2», «Andijon», «Neftchi» kabi jamoalarda to‘p surdi. Keyin esa Ukrainaning «Chernomorets» jamoasi mashg‘ulotlarida ishtirok etgan holda ushbu klubning a’zosiga aylangandi. Oxirgi olingan ma’lumotlarga ko‘ra Smorodin bugungi kunda Maldiv orollari chempionatida «Grin Strits» jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

Ism-familiyasi: Sardor Rahmonov

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 09.07.94

Qaerdan taklif qilingan: «Mash’al»

Hozir qaerda: OKMK

Katta futbolga «Mash’al» klubi orqali kirib kelgan himoyachi uchun ham Meksikadagi mundial faoliyatida katta o‘rin tutadi. O‘shanda dastlabki turda terma jamoamiz Yangi Zelandiyaga yirik hisobda yutqazib qo‘ygandi. Rahmonov esa zaxirada qolgandi. O‘sha bellashuvdan so‘ng murabbiylar Sardorni asosiy tarkibga kiritishdi va shundan keyin futbolchi o‘z o‘rniga ega bo‘lgandi. U 2013 yili Turkiyada o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham yurtimiz sharafini himoya qilgandi. Ayni paytda esa Sardor OKMK tarkibida Mirjalol Qosimov qo‘li ostida to‘p surib kelmoqda. Garchi legionerga aylanmagan bo‘lsa-da, 2011 yilgi jahon chempionatiga borgan o‘yinchilar orasida chempionatimizda bir tekisda o‘yin ko‘rsatib kelayotgan kam sonli o‘yinchilardan biri.

rahmonov

Ism-familiyasi: Javlon Mirabdullaev

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 19.03.94

Qaerdan taklif qilingan: «Bunyodkor»

Hozir qaerda: klubsiz.

Javlon Mirabdullaev terma jamoamiz safidagi eng iqtidorli, kelajagi porloq o‘yinchilarimizdan biri sifatida e’tirof etilayotgandi. Shuning uchun u asosiy futbolchilarimizdan biri edi. Ammo keyinchalik uning faoliyati yanada rivojlanib ketgani yo‘q. Chunki unga jarohatlar ham to‘sqinlik qildi. Masalan, «Bunyodkor»da endi o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganida jarohat olib safdan chiqqandi. Shuningdek, u «Metallurg», «Andijon» kabi jamoalarda ijarada to‘p surdi. Oxirgi paytlarda esa biror-bir klubda ko‘rinish bergani yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, Mirabdullaevning yuragi bilan bog‘liq muammo tufayli davolanmoqda.

Ism-familiyasi: Muhsin Ubaydullaev

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 15.07.94

Qaerdan taklif qilingan: BO‘SM (Qo‘qon)

Hozir qaerda: «Qizilqum»

O‘sha paytda Ubaydullaev Qo‘qondagi bolalar o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi edi. O‘sha jahon chempionatidan keyin esa Muhsin o‘z ustida ishlashda davom etaverdi. Natijada oliy liganing bir qator klublarida to‘p surdi va bugungi kunda «Qizilqum» sharafini ikki yildan beri himoya qilib kelmoqda.

Ism-familiyasi: Mirzamurod Jo‘raboev

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 31.05.94

Qaerdan taklif qilingan: «Nasaf»

Hozir qaerda: noma’lum

Qarshilik futbolchi jahon chempionatida terma jamoamiz safida bir qator o‘yinlarda ishtirok etganini bilamiz. Afsuski, vaqt o‘tgan sari Jo‘raboev ham futboldan uzoqlashib boraverdi. Shuning uchun u biror-bir klubda tuzuk-quruq o‘ynaganini eslay olmaymiz. Ayni paytda esa qaerdaligi noma’lum. Anig‘i shuki, u futbolni tugatgan.

Ism-familiyasi: Ravshan Haydarov

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 01.06.94

Qaerdan taklif qilingan: ROZK (Toshkent)

Hozir qaerda: murabbiy

Murabbiy Ravshan Haydarov bilan bir xil ismdosh bo‘lgan qo‘qonlik futbolchi Ravshan Haydarov uchun o‘sha jahon chempionati yangi chaqiruv bo‘lgandi. Lekin mundialdan so‘ng himoyachining faoliyatida pasayish kuzatildi. Natijada uni biror-bir klubda muntazam ravishda to‘p surganini ko‘rmadik. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda u Qo‘qonda yoshlarga murabbiylik qilib kelmoqda.

Ism-familiyasi: Asiljon Mansurov

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 04.08.94

Qaerdan taklif qilingan: FMI (Yangier)

Hozir qaerda: futbolchi

Gulistonlik Mansurovning faoliyati ham yorqin ko‘rinish olmadi. Bir qator klublarda to‘p surdi-yu, ammo yarq etib ko‘zga tashlanmadi. Birinchi liga jamoalarida ham o‘ynab yurdi. Ma’lum bo‘lishicha, u hozirda Tojikiston chempionatida faoliyat olib bormoqda.

Ism-familiyasi: Hasan Asqarov

Ampluasi: himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 17.04.94

Qaerdan taklif qilingan: «Bunyodkor»

Hozir qaerda: noma’lum

«Bunyodkor» akademiyasidan chiqqan himoyachi garchi jahon chempionatiga borgan bo‘lsa-da, terma jamoamiz safida maydonga tushish unga nasib qilmagan. Shuningdek, Asqarov ayrim jamoadoshlari kabi o‘z o‘yini bilan ko‘zga tashlana olmadi. Uni oliy ligada «Navbahor» va «Dinamo» jamoalarida to‘p surganini ko‘rdik. Ammo oxirgi paytlarda hech bir klubda ko‘rinish bergani yo‘q.

Ism-familiyasi: Abbos Maxstaliev

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 12.01.94

Qaerdan taklif qilingan: ROZK (Toshkent)

Hozir qaerda: «Surxon»

O‘sha paytdagi terma jamoasiz sardori va etakchisi Abbos Maxstaliev barcha o‘yinlarda ishtirok etib, uchta gol ham urgandi. Keyin u O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Turkiyadagi mundialda ham qatnashib nimchorak finalgacha etib kelgandi. Abbosga hamma yuqori baho bergandi va uni futbolimizning kelajagi sifatida ham e’tirof etishgandi. Unga Frantsiyaning «Monako» jamoasi ham qiziqish bildirgandi. Legionerga aylanishi kutilgan bir paytda futbolchi o‘zimizning chempionatda o‘ynashda davom etdi. Lekin «Paxtakor»da o‘z o‘rnini topa olmadi. Keyin esa bir qator klublarda ijarada to‘p surdi. Afsuski, ko‘p narsa kutilgan futbolchimiz shunchaki o‘zimizning chempionatda qolib ketdi va milliy terma jamoa darajasigacha ham eta olmagani achinarli.

maxstaleiv2

Ism-familiyasi: Sardor Sobirxo‘jaev

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 06.11.94

Qaerdan taklif qilingan: «Paxtakor»

Hozir qaerda: «Paxtakor»

Sobirxo‘jaev «Paxtakor» klubi tarbiyalanuvchisi sifatida jahon chempionatida ishtirok etdi. Keyin esa u «Bunyodkor»ga ketdi. Lekin uning faoliyatida shunday paytlar bo‘ldiki, sal qolsa futbolni tugatib ham yuboradigandek tuyulgandi, bizga. Chunki unga «Bunyodkor»da u qadar ishonch bildirilmadi. Keyin boshqa jamoalarda ijara o‘ynab yurdi. O‘sha paytlarda Sobirxo‘jaev ko‘pchilikning yodidan ham chiqib qolgandi. Qachonki, Mirjalol Qosimov uni «Bunyodkor»ga qaytarib, o‘zi shug‘ullantirganidan keyin Sardor oldingidan ko‘ra yanada kuchli futbolchiga aylana boshladi. Natijada Shota Arveladzega futbolchining o‘yini yoqib qolib, uni «Paxtakor»ga qaytardi. Endilikda esa kuchli raqobatga ega bo‘lgan «Paxtakor»ning asosiy tarkibida doimiy ravishda o‘ynab, tajribasini oshirishda davom etyapti.

Ism-familiyasi: Davlatbek Yorbekov

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 27.09.94

Qaerdan taklif qilingan: BO‘SM (Farg‘ona)

Hozir qaerda: klubsiz

Jahon chempionatida Aleksey Evstafeevning «sehrli tayoqchasi» deya nom qozongan Davlatbek Yorbekov o‘z o‘yinlari bilan barchaning e’tiborini qozongandi. U asosan zaxiradan maydonga tushib terma jamoamiz o‘yinini kuchaytirish orqali barchada iliq taasurot qoldirgandi. Ko‘pchilik qatori Yorbekovning ham kelajagi porloq ekanligi haqida ko‘p gapirilgandi. O‘sha paytda u Farg‘onadagi bolalar o‘smirlar sport maktabida tahsil olgach, keyin «Paxtakor» akademiyasiga qabul qilingandi. Biroq Yorbekovning faoliyati mundialdan keyin negadir orqaga keta boshladi. U ham boshqalar qatori klublarda ijarama-ijara yurib, sarson bo‘ldi. Oxirgi klubi esa Farg‘onning «Istiqlol» klubi bo‘ldi. Hozirda esa jarohatini davolatib yuribdi.

meksika-20113

Ism-familiyasi: Bobur Davlatov

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 01.03.94

Qaerdan taklif qilingan: «Mash’al»

Hozir qaerda: «Nefteximik» (Rossiya)

«Mash’al»ning yana bir tarbiyalanuvchisi Bobur Davlatov ham o‘sha paytda terma jamoamizning  etakchilari qatorida e’tirof etilardi va shunga yarasha u barcha o‘yinlarda to‘liq ishtirok etgan. Boshqa jamoadoshlaridan farqli o‘laroq Davlatov keyinchalik legioner maqomi ostida Rossiyaga ketdi va u erda «Rubin»ning yoshlar jamoasida to‘p surdi. So‘ng Qozog‘istonning «Jetisu» va «Aktobe» klublarida faoliyat olib bordi. O‘zimizda esa «Nasaf» bilan «Lokomotiv»da ham o‘ynadi. Hozirda esa Rossiya birinchi divizionida «Nefteximik» sharafini himoya qilib kelmoqda.

davlatov_3

Ism-familiyasi: Aziz Murotov

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 21.01.94

Qaerdan taklif qilingan: «Buxoro»

Hozir qaerda: Rossiyada

Buxorolik Aziz Murotovni balki muxlislar unutib ham yuborishgan bo‘lishi mumkin. Ammo o‘sha paytda u terma jamoamizning muhim figuralaridan biriga aylana olgandi. Lekin u ham boshqalar qatori mundialdan so‘ng «yo‘qolib» qoldi. «Buxoro»da ham o‘z o‘rnini topa olmadi. Natijada birinchi ligada o‘ynab yurdi. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, Murotov futbolni tugatgan va tirikchilik ilinjida Rossiyaga ishlash uchun ketgan.

Ism-familiyasi: Xolmurod Xolmurodov

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 29.06.94

Qaerdan taklif qilingan: «Mash’al»

Hozir qaerda: «Sho‘rtan»

«Mash’al»da futbolchi sifatida ulg‘aygan Xolmurod Xolmurodov haminqadar faoliyatini eplab kelyapti va hozirda pro-ligada G‘uzorning «Sho‘rtan» jamoasi sharafini himoya qilyapti. Lekin uning ham faoliyati yorqin kechmadi.

Ism-familiyasi: Diyor Usmonxo‘jaev

Ampluasi: yarim himoyachi

Tug‘ilgan sanasi: 07.02.94

Qaerdan taklif qilingan: ROZK (Toshkent)

Hozir qaerda: murabbiy

Yaqin o‘tmishdagi taniqli futbolchilardan biri bo‘lgan Oybek Usmonxo‘jaevning o‘g‘li Diyor Usmonxo‘jaev ham o‘smirlar terma jamoamiz bilan birga Meksikadagi jahon chempionatiga borib kelgandi. O‘sha mundialdan keyin Diyor institutga o‘qishga kirdi. Kichik Usmonxo‘jaevning xizmatlariga klublar tomonidan etarlicha qiziqish bo‘lmaganidan so‘ng futboldagi faoliyatini barvaqt tugatib qo‘ya qoldi. Ikki yildan buyon esa u «Bunyodkor» akademiyasida murabbiy bo‘lib ishlab kelmoqda.

Ism-familiyasi: Timur Hakimov

Ampluasi: hujumchi

Tug‘ilgan sanasi: 23.08.94

Qaerdan taklif qilingan: «Paxtakor»

Hozir qaerda: «Qo‘qon-1912»

Yulduzlik kasaliga duchor bo‘lgan Timur Hakimov ko‘plab tanqidlar ostida qolib ketdi. Faoliyatini barqaror davom etmasligiga uning o‘zi sababchi. «Paxtakor»da o‘ynay olmadi, keyin boshqa klublarda ijara asosida to‘p surib yurdi. Lekin Hakimov yaqqol ajralib turgani yo‘q. Keyinchalik jarohatlar va boshqa sabablar tufayli ma’lum vaqt futboldan  chetda yurgandi. Bu yildan esa unga «Qo‘qon-1912»da yana imkoniyat berilmoqda.

Ism-familiyasi: Jasur Hakimov

Ampluasi: hujumchi

Tug‘ilgan sanasi: 24.05.94

Qaerdan taklif qilingan: ROZK (Toshkent)

Hozir qaerda: OKMK

Terma jamoamiz safida zaxiradan o‘yinni kuchaytirish uchun foydalanilgan Jasur Hakimov ham faoliyatini bir maromda olib borishga harakat qilayotgan futbolchilarimizdan biri. Har holda u boshqa sobiq jamoadoshlari kabi faoliyatini tugatgani yo‘q. U o‘tgan yillar davomida oliy liganing bir qator klublarida to‘p surdi. Hozirda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK jamoasida o‘ynayapti.

meksika-2011 5

Ism-familiyasi: Nodirxon Kamolov

Ampluasi: hujumchi

Tug‘ilgan sanasi: 22.10.94

Qaerdan taklif qilingan: ROZK (Toshkent)

Hozir qaerda: diskvalifikatsiya qilingan («Qizilqum)

Farg‘onalik Nodirxon Kamolov yaqinda O‘FA tomonidan kelishilgan o‘yinlar va totalizatorga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan surishtiruvlarga ko‘ra ana shunday o‘yinlarda ishtirok etgani aniqlanib, olti oyga futboldan diskvalifikatsiya qilindi. O‘zi esa yaqinda «Qizilqum»ga qaytib kelgandi. Lekin Kamolovning o‘sha mundialdan keyingi faoliyati bir tekisda ketayotgani yo‘q. Goh birinchi ligada, goh Superligada paydo bo‘lib qolmoqda. Endi esa u yarim mavsum majburiy ravishda futboldan chetda yuradi.

Ism-familiyasi: Zabihillo O‘rinboev

Ampluasi: hujumchi

Tug‘ilgan sanasi: 30.03.95

Qaerdan taklif qilingan: «Bunyodkor»

Hozir qaerda: «Tokusima Vortis» (Yaponiya)

O‘sha paytda tarkibdagi eng yosh o‘yinchi bo‘lgan O‘rinboev jamoaning asosiy hujumchisi emasdi. Chunki Timur Hakimov birinchi raqamli hujumchi edi. Zabihillo esa asosan zaxiradan maydonga tushardi. Ammo u shundan so‘ng yana o‘sishda davom etdi va turli yoshdagi terma jamoalarimiz safida yana Osiyo va jahon chempionatlarida to‘p surdi. Lekin uning faoliyati asosan terma jamoalarda yorqinroq kechganini ko‘rish mumkin. Biroq klublar miqyosiga kelganda negadir o‘zi istaganchalik kechmayapti. Ayniqsa, milliy terma jamoagacha bo‘lgan barcha bosqichni bosib o‘tdi-yu, ammo bosh jamoamiz safidan joy olish unga nasib qilmayapti. Hozirda esa u Yaponiyaning ikkinchi divizionida faoliyat olib boryapti.

o‘rinboev

Ko‘rib turganingizdek, ozchilik futbolchilarimiz faoliyatlarini muntazam ravishda davom ettirib kelishmoqda. Ko‘pchiligi esa faoliyatlarini tugatishgan yoki boshqa ish bilan shug‘ullanishyapti. O‘sha paytdagi terma jamoamiz murabbiylar shtabida ham ajoyib mutaxassislar ish olib borishgandi. Bosh murabbiy Aleksey Evstafeevga Ahmadjon Musaev bilan Murod Ismoilov yaqindan yordam berishgan. Yuqorida Evstafeevning Rossiyaga ketgani haqida aytdik, ammo Musaev ham anchadan beri futboldan ko‘rinmay qoldi. Ismoilov esa murabbiylik faoliyatini klublarimizda davom ettirib kelmoqda. Hozirda «Metallurg»da ishlayotgan ushbu mutaxassis o‘sha mundialdan keyin futbolchilarimizning nega ko‘zga tashlanmagani haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

- O‘ylashimcha, o‘sha paytda yigitlar yuqoriroq ligalarga ketmagani, shuningdek, jahon chempionatidan keyin futbolchilar o‘z klublarining asosiy tarkiblarida o‘ynab keta olishmagani ham sabab bo‘lgan. Bunda esa klubdagi murabbiylarni ham aybdor qilib ko‘rsatish u qadar to‘g‘ri emas. Negaki, murabbiylardan birinchi navbatda baribir natija so‘raladi. Shu bilan birga futbolchilarning o‘zlarida ham ayb bor. Ayrimlarida o‘sha mundialdan so‘nsh yulduzlik kasali paydo bo‘lgan. Bunga Timur Hakimovni misol keltirishimiz mumkin. O‘yinchilar o‘z  ustida ishlamay qo‘yishdi. Hammamiz birgalikda o‘sha yigitlarni rosa maqtadik. Keyin esa ular o‘sishdan to‘xtab qolishdi. Qolaversa, murabbiylarga o‘sha futbolchilarni maydonga tushirishga jurati etishmadi. Baribir natija ham murabbiylar uchun ustivor vazifaga aylangandi. O‘sha paytda tarkibdagi eng kuchli o‘yinchilarimizdan biri bo‘lgan Abbos Maxstaliev mundialdan keyin «Monako»ga borib keldi. Lekin futbolchimiz ko‘rikdan o‘ta olmadi. Ularning aytishicha bo‘yicha bunday o‘yinchilar o‘zimizda ham bor deyishgan ekan. Timur Hakimovni «Rubin» chaqirgan va olib qolamiz deyishganida u qaytib kelgan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!