Meni "Barsa"ga qo'yib yuboring!
Murakkab transfer masalasi yana ko‘tarildi
«Atletiko» hujumchisi Xulian Al’vares «Barselona»ga o‘tish masalasini yana bir bor faollashtirish niyatida.
Sport.es nashrining yozishicha, argentinalik futbolchi allaqachon kataloniyaliklar sport direktori Dekuni o‘z rejalari bilan tanishtirgan. Xabarga ko‘ra, Al’vares «Atletiko» rahbariyatiga bosimni kuchaytirishga tayyor, biroq buni keskin shaklda amalga oshirishni istamaydi: u mashg‘ulotlarni boykot qilish yoki klub bilan ochiq mojaroga borishni rejalashtirmayapti.
Yaqin kunlarda u shaxsan rahbariyat bilan uchrashib, yozda jamoani tark etish istagini bildirishni kutilmoqda.
Avvalroq «Barselona» forvard uchun 100 million yevro taklif qilgan, ammo «Atletiko» bu summani qabul qilmay, muzokara boshlashdan bosh tortgan edi. Manba ma’lumoticha, agar madridliklar o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqsa, kataloniyaliklar taklifni yana oshirishga tayyor.
Al’vares «Atletiko» safini 2024 yil yozida to‘ldirgan. Uning amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan, futbolchining bozor qiymati esa taxminan 120 million yevro atrofida baholanmoqda.

Izohlar (0)