Messi Argentina terma jamoasiga qo‘shildi
Bu oxirgisi
Leonel Messi Argentina terma jamoasiga qaytib, milliy jamoa safidagi so‘nggi uchrashuvi oldidan jamoadoshlari bilan birlashdi. Bu haqida "albiseleste"ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilindi.
Argentina 6 oktyabr kuni "Monumental" stadionida Benin terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Ushbu bellashuv Messi uchun terma jamoa tarkibidagi xayrlashuv o‘yini sifatida tarixda qolishi kutilmoqda.
Avgust oyi oxirida "Inter Mayami" klubi sharafini himoya qilayotgan, Shimoliy Amerika Maxsus futbol ligasida (MLS) to‘p surib kelayotgan Messi terma jamoa karerasini yakunlashini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror 21 iyul kuni, jahon chempionati finalidan ikki kun o‘tib qabul qilingan.
Sentabrda Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) Messini Beninga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga chaqirdi va bu o‘yin rasm an uning milliy jamoa bilan xayrlashuv bahsi sifatida belgilandi.
39 yoshli Leonel Messi Ispaniya chempionati, "Barselona" va Argentina terma jamoasi tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. U shuningdek, futbol tarixida "Oltin to‘p" mukofotini sakkiz marta qo‘lga kiritgan yagona o‘yinchi sifatida qayd etilgan. Messi Argentina terma jamoasi safida 207 o‘yin o‘tkazib, 125 ta gol urgan. Milliy jamoa bilan birgalikda u ikki marta Amerika kubogini qo‘lga kiritgan (2021, 2024), 2022 yildgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan, 2014 va 2026 yillarda jahon chempionatida kumush medallar sohibiga aylangan. Shuningdek, 2022 yilda "Finalissima" turnirida ham terma jamoa bilan birga g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Izohlar (0)