Messi "Barsa"ga bir taym o‘ynab beradi
Masala hal etilmoqda
«Barselona» muxlislar qalbini jumbushga keltirdi. «Barselona» rahbariyati klub tarixidagi eng katta ramziy shaxslardan biri – Lionel Messiga alohida sharaflash marosimi uyushtirishni rejalashtirmoqda.
Bu tadbir «Kamp Nou» stadioni rekonstruksiyasi to‘liq yakunlangandan keyin o‘tkazilishi kutilmoqda.
Klub prezidenti Joan Laportaga ko‘ra, kataloniyaliklar argentinalik afsona ishtirokida maxsus marosim tayyorlamoqda. Uning ta’kidlashicha, Messi «Barselona» tarixida o‘chmas iz qoldirgan va klub buni munosib tarzda nishonlashni istaydi.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2021 yil yozida «Barselona»ni tark etgan edi. Laporta so‘zlariga ko‘ra, u uchun mo‘ljallanaotgan rasmiy tadbir stadion rekonstruksiyasi to‘liq yakunlangachgina amalga oshiriladi.
Ispaniya nashri El Nacional ma’lumoticha, «Kamp Nou»ning to‘liq qayta qurilishi 2028 yil boshlariga qadar tugatilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida «Barselona» va «Inter Mayami» o‘rtasida Joan Gamper kubogi doirasida o‘yin o‘tkazish ehtimoli haqida xabarlar tarqalgan edi. Shu ssenariyga ko‘ra, Messi har ikki jamoa safida ham bir bo‘limdan maydonga tushishi mumkinligi aytilgan.
Shu bilan birga, hozircha bunday o‘yinni tashkil etish bo‘yicha klublar o‘rtasida rasmiy tasdiqlangan muzokaralar mavjud emas. «Barselona» tomonidan esa asosiy e’tibor stadion qurilishi yakunlangach, Messi uchun munosib va yirik tadbir uyushtirish rejasiga qaratilgan.

Izohlar (0)