Messining ish haqi ma’lum bo‘ldi
MLS futbolchilar uyushmasi 2025 yilning oktyabr holatiga ko‘ra ligak klublarida o‘ynayotgan charm to‘p ustalarining maoshlar reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, liganing eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisi sifatida Lionel Messi ko‘rsatilgan. Hozirda “Inter Mayami” sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibiga har mavsum uchun 20,4 million dollar miqdorida maosh to‘layapti.
Ikkinchi o‘rinni yozda “Tottenxem”dagi faoliyatini yakunlab, “Los-Anjeles” ga ko‘chib o‘tgan Son Xyon Min (11,2 million dollar) egalladi.
“Inter Mayami”ga “Barselona”dan kelgan mashhur ispan futbolchisi Serxio Buskets 8,8 million dollar miqdoridagi yillik maosh bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Eng katta maosh olayotganlar beshligiga “Atlanta Yunayted” vakili Migel Almiron (6,1 million dollar) va “San-Diego” o‘yinchisi Irving Losano (6 million dollar) kirdi.
Shuningdek, MLSda futbolchilar maoshiga eng ko‘p mablag‘ sarflaydigan klub “Inter Mayami” bo‘lib chiqdi. Bu klubning bir yillik maoshlar fondi 48,97 million dollarni tashkil qildi. Kuchli uchlikdan “Los-Anjeles” (30,1 million dollar) va “Atlanta Yunayted” (28,48 million dollar) olgan. Chempionatning eng kamxarj jamoasi bo‘lgan “Monreal Impekt” o‘z o‘yinchilarning yillik maoshi uchun 12, 92 million dollar sarflaydi.
Fikrlar