"Metallurg"da qanday o‘zgarishlar yuz bermoqda?
Bekobodliklarning yangi mavsum uchun maqsadi jiddiy.
Oxirgi ikki mavsumdan beri chempionatni 5-o‘rinda tugatayotgan «Metallurg» klubi ham joriy yildagi tayyorgarlik rejalarini tasdiqlagan holda ishga kirishishdi. Andrey Shipilov boshchiligidagi jamoa 6 yanvar kuni Chirchiqda tayyorgarlikni boshladilar. Ma’lumotlarga qaraganda, jamoa a’zolari 1 fevralga qadar bir qator nazorat uchrashuvlarida ishtirok etadilar. So‘ngra fevral oyining boshlarida xorij yig‘inini o‘tkazish maqsadida Turkiyaga jo‘nab ketishi ko‘zda tutilgan.
Tarkibda ham o‘zgarishlar yuz bermoqda. Dekabr oyida jamoa sardori va etakchisi Akbar Ismatullaevni Tailandning «Buriram» klubiga ko‘chib o‘tishi borasida xabar berilgandi va buni futbolchining o‘zi ham tasdiqlagandi. Lekin shartnoma tuzish arafasida kutilmaganda ikkala tomon ham kelisha olmay qoldi. Natijada Ismatullaev ortga qaytishga qaror qildi. Yakunda esa futbolchi yana «Metallurg»da mavsumni boshlaydigan bo‘lib turibdi. Har holda u jamoa yig‘inlariga qaytgan.
Shu bilan birga bekobodliklar safiga yangi o‘yinchilar ham qo‘shilmoqda. Jumladan, kecha xabar berganimizdek, «Andijon»da to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatgan hujumchi Shahzod Ubaydullaev yangi mavsumni «Metallurg»da boshlaydigan bo‘ldi. Qolaversa, «Andijon»ning yana bir a’zosi Abdurahmon Abdulhaqov ham bekobodliklarning mashg‘ulotiga qo‘shilgan. Shuningdek, «Buxoro» klubida jamoa sardori sifatida to‘p surgan yarim himoyachi Salomat Quttiboev va hujumchi Murod Bobojonov ham «Metallurg»dan tushgan taklifni qabul qildi. «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdievning kuyovi, bir necha yillar davomida qarshiliklar safida to‘p surgan Doniyor Narzullaev aftidan klubini o‘zgartirmoqchi shekilli. Chunki hozirda u ham bekobodliklarning mashg‘ulotlarida qatnashyapti. Qolaversa, o‘tgan mavsumda «Bunyodkor» sharafini himoya qilgan ukrainalik Evgeniy Chumak ham «Metallurg»ga taklif etilgan. Yana bir qator futbolchilar bilan ham muzokaralar davom ettirilmoqda.
Shu o‘rinda klubni tark etgan o‘yinchilar haqida to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Chunki hozirga kelib jamoa bilan xayrlashgan o‘yinchilar ham bir talay. Namanganlik futbolchi Islom Isoqjonov «Metallurg»ni tark etib, «Navbahor»ga ko‘chib o‘tdi. Yaqinda xabar berganimidek, o‘tgan mavsumda «Paxtakor»dan ijaraga olingan futbolchilar – Bahrom Abdurahimov, Suhrob Nurulloev hamda Ibrohim Yo‘ldoshev yana «Paxtakor»ga qaytarib yuborildi. E’tiborlisi, «Mavsum-2019»da «Metallurg» tarkibida eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi Bahrom Abdurahimov bo‘lgandi. U 26 ta o‘yinda maydonga tushib ikkita gol urdi va uchta golli uzatmani bajardi. Endi ushbu o‘yinchilarning keyingi taqdiri qanday kechishini «Paxtakor» hal qiladi.
Bundan tashqari, o‘tgan mavsumda jamoaning rossiyalik legioneri Sergey Tumasyan hujumchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi. Ammo u 19 ta uchrashuvda faqat bitta gol ura oldi xolos. Andrey Shipilov esa yangi mavsumda ushbu legionerning xizmatidan foydalanmaslikka qaror qildi. Natijada Tumasyan bilan ham xayrlashishdi. Yana bir yo‘qotishlardan biri himoya chizig‘i bilan bog‘liq. 24 ta uchrashuvda 1 ta gol urgan Shavkat Mullajonov ham «Metallurg»ni tark etishga qaror qildi. Endi murabbiylar uning o‘rnini boshqa munosib himoyachi yordamida to‘ldirishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, 6 ta bellashuvda jamoa darvozasini qo‘riqlagan Zafar Safoev ham faoliyatini endi boshqa klubda davom ettirish maqsadida «Metallurg»ni tark etishga qaror qildi. Bu hali hammasi emas. Negaki, bekobodliklar ikki nafar hujumchisi bilan ham xayrlashishi kutilmoqda. Jumladan, 15 ta o‘yinda 5 ta gol urgan Bahodir Pardaev «Bunyodkor» bilan BAA yig‘inida qatnashayotgan bo‘lsa, 9 ta bahsda maydonga tushib gol ura olmagan Doniyor Usmonov ham yangi mavsumni boshqa klubda o‘tkazishi kutilmoqda. Shu bilan birga «Metallurg» jamoasi bir qator klublar bilan nazorat bahslarini ham o‘tkazishi rejalashtirilgan.


Izohlar (0)