MMA jangchisini otib tashlashdi
Yaralanganlar ham bor
Fransiyada 26 yoshli MMA jangchisi Pengo Bossio Vangi otishma oqibatida halok bo‘ldi. Hodisa Parij yaqinidagi Trapp shahrida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchi avtomashina ichida harakatlanib, avtomatdan bir necha joyda o‘t ochgan. Otishma natijasida bir kishi vafot etgan, besh nafar inson og‘ir tan jarohati olgan. Jabrlanuvchilar orasida 12 yoshli qizaloq ham bor. Politsiya gumonlanuvchini qo‘lga olgan va u hibsga olingan.
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunyesning ta’kidlashicha, prokuratura bu hodisani ehtimolan irqiy adovat asosida sodir etilgan terrorchilik hujumi sifatida baholagan.
Marhum Pengo Bossio Vangi haqidagi xabarni uning klubi Atch Academy ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan. U aralash jang san’ati bo‘yicha havaskor jangchi sifatida yarim o‘rta (77 kg gacha) va o‘rta vazn (84 kg gacha) toifalarida ishtirok etgan. Uning hisobida uch g‘alaba va to‘rt mag‘lubiyat bo‘lgan.
Fransiyaning sobiq sport vaziri Ameli Udea-Kastera jangchining yaqinlari, klubi va murabbiyiga ta’ziya izhor etdi. U ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida Pengo Bossio Vangini “bizdan biri edi” deb ta’riflab, mamlakatda nafrat va zo‘ravonlikning kuchayib borayotgani katta xavotir uyg‘otayotganini qayd etdi. U jamiyatni nafratni to‘xtatishga, u ildiz otib ketishidan oldin chora ko‘rishga chaqirdi.

Izohlar (0)