Modrich “Real”ga qaytadimi?

  • 11.03.2026 08:06
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Milan” jamoasi oʻynayotgan Luka Modrich Madriddning “Real” klubiga qaytishi haqidagi maʼlumotlarga munosabat bildirdi.

40 yoshli futbolchi oʻtgan yilning iyun oyida Madridni tark etgan va keyinchalik erkin agent sifatida Italiya klubiga qoʻshilgan edi. “Real” xorvatiyalik pleymeykerga yangi taklif berishni istamagandi.

Ayni paytda “Real” rahbariyati jamoa bosh murabbiyligiga “Milan”ni boshqarayotgan Massimiliano Allegri nomzodini ham koʻrib chiqmoqda. Italyalik mutaxassis Madriddga keladigan boʻlsa, oʻzi bilan Modrichni olib ketishini bildirgani aytilmoqda.

- Allegri va men “Real”ga boramizmi? Bunaqa mish-mishlar har doim boʻladi, lekin bu meni qiziqtirmaydi. Men bu yerda, “Milan”da juda baxtliman, - dedi Luka Modrich.

Joriy mavsumda xorvatiyalik futbolchi barcha musobaqalarda 30 ta oʻyinda ishtirok etdi. U bu oʻyinlarda ikki gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi. Modrichning Italiya klubi bilan shartnomasi mavsum oxirigacha amal qiladi.

Biroq futbolchining istagiga koʻra hamkorlik avtomatik tarzda yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!