"Nasaf"ning bugungi raqibi qanday kuchga ega?

  • 27 aprel, 2022, 09:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Nasaf“ OChL oxirgi turida Iordaniyaning “Al-Vehdat“ jamoasiga qarshi hayot-mamot jangida ishtirok etadi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba ikki jamoa uchun ham o‘ta muhim.

Biz “ajdarlar“ haqida etarlicha ma’lumotga egamiz. Uning tarixi, o‘tmishda qayd etgan natijalari, hozirgi darajasi va shu kabi narsalardan yaxshigina xabardormiz. Biroq raqib “Al-Vehdat“ haqida nimalarni bilamiz? Bu klub ichki va xalqaro maydonda qanday mavqega ega? Tarkibda qanday futbolchilar harakatlanadi? Klubning tarixi haqida qanday ma’lumotlar bor? Shu haqda SPORTS.uz muxbiri Shohrux Zoirov quyida batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Klub tarixi

"Al-Vehdat" jamoasi 1956 yilda tashkil topgan. O‘shanda jamoa nomi "Al-Wehdat Youth Center", ya’ni "Al-Vehdat Yoshlar Markazi" deya nomlangan. 1974 yil klub nomi "Al-Vehdat Sport Klub"ga o‘zgartirilgan. Shuningdek, 1986-1989 yillar oralig‘ida bu jamoa "Al-Diffaten Sport Klub" nomi ostida musobaqalarda ishtirok etgan.

Amman shahridagi falastinlik qochqinlar uchun mo‘ljallangan "Amman yangi lageri" klubning ilk qarorgohi sanaladi.

"Al-Vehdat" hisobida 51 mahalliy sovrin mavjud. 11 marotaba jamoa OFK musobaqalarida ko‘rinish bergan. Biroq hali bironta sovrin qo‘lga kiritilmagan.

Qayd etilgan yuqori natijalar

"Al-Vehdat" oxirgi 15 yil Iordaniya futbolida yaqqol gegemonlik qilib kelayotgan jamoa hisoblanadi. 2005-2020 yillar mobaynida klub 10 marta mamlakatning tengsiz jamoasi, deb topilgan. Shu bilan bir qatorda, "Al-Vehdat" Iordaniyadagi barcha musobaqalarda bir mavsum ichida g‘olib bo‘lgan yagona futbol klub hisoblanadi. Ammanliklar 2008-2009 va 2010-2011 yilgi mavsumda 4 turnir (Iordaniya ligasi, mamlakat kubogi, superkubogi hamda Iordaniya Qalqon kubogi)da zafar quchgan.
Shu sababli, muxlislar tomonidan klub qo‘lga kiritgan ko‘plab mahalliy sovrinlardan so‘ng jamoaga "yashil gigantlar" deya laqab berilgan.

Hozirgi holati

"Al-Vehdat" ayni payt bor e’tiborini OChLga qaratgan. Jamoa ichki chempionat start olganidan buyon hali birorta o‘yin o‘tkazgani yo‘q. Sabab sifatida Saudiyada o‘tayotgan Osiyoning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasida ishtirok etayotganini ko‘rsatsak to‘g‘ri bo‘ladi.

O‘tgan yilgi chempionatda klub 22 bahsda 47 ochko to‘plagan holda, 2-o‘rinni egallab OChLga yo‘l olgan. Qizig‘i, chempionlikni qo‘lga kiritgan "Al-Ramta" hisobida ham 47 ochko mavjud edi. Biroq o‘zaro uchrashuvlardagi mag‘lubiyat tufayli ammanliklar chempionatni boy bergandi.

"Yashil gigantlar"ning reytinglarda egallagan pog‘onalariga e’tibor bersak, hozirgi kunda ular Iordaniyaning eng kuchli jamoasi ekanligi ko‘zga tashlanadi. 1407 ochko to‘plagan "Al-Vehdat" jahon klublari reytingida 622-o‘rinni band etgan. Osiyo qit’asida 51-o‘rinda, Iordaniyada esa etakchi deya e’tirof etilgan.

Rahbariyat, murabbiy va futbolchilar haqida

Klub rahbari ayni paytda Bashar Al-Havamdeh sanaladi. Vitse-prezident sifatida G‘asab Halil ish olib boradi. Jamoa direktorlar kengashi a’zolari qatorida Ziyad Shelbayeh, Abdulrahmon Al-Najmar, Avad Al-Asmar, Basam Shelbayeh, Zayd Abu Humayd va yana 4 nafar vakil borligi qayd etilgan.

"Al-Vehdat" bosh murabbiyi Rayed Assaf hisoblanadi. Unga yordamchi sifatida Rafat Ali ko‘rsatilgan. U bilan bir qatorda murabbiylar shtabidan darvozabonlarga javobgar Rashed Al-Najar, jismoniy holatga mas’ul Emmanuel Siralvo, texnik mutaxassis Rafat Al-Alami o‘rin olgan.

Tarkibdagi futbolchilar haqida gapiradigan bo‘lsak, "Al-Vehdat" uchta legioner hizmatidan foydalanadi. Birinchisi argentinalik Matyas Kastro, qolgan ikkitasi ganalik Muhammad Anas hamda kamerunlik Klarens Bitang. Qolgan 26 jamoa a’zolari mahalliy futbolchilar sanaladi. "Yashil gigantlar" sardori Muhammad Al-Damiri. U yo‘qligida uning o‘rnini vitse-kapitan Ahmad Elias egallaydi.

Ko‘rinib turibdi, raqib ham osonlikcha yutqazib qo‘yadiganlardan emas. Garchi ayni payt "Nasaf" joy olgan guruhda Rayed Assaf shogirdlari 3-o‘rinda ketayotgan bo‘lsada, ularda hali imkoniyat saqlanib turibdi. Agar iordaniyaliklar vakillarimizni 2:0dan yirikroq hisobda mag‘lub etsa, o‘zaro bellashuvda qayd etilgan yaxshiroq ko‘rsatkich sabab "Nasaf"dan 2-o‘rinni tortib oladi. Durang natija Amman klubini hech qanaqasiga qoniqtirmaydi. Bu orqali jamoa pley-offga chiqish tugul hatto, egallab turgan 3-o‘rnini ham "Al-Sadd"ga boy berib qo‘yishi mumkin. Tabiiyki, mag‘lubiyat hech qanaqasiga Iordaniya vitse-chempionlariga foyda keltirmaydi.

 

Vikipediya ma’lumotlari asosida Shohrux Zoirov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!