Nima, "Bunyodkor" bedarvozami?

  • 8 iyun, 2022, 14:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonning sovrindor klublaridan biri – “Bunyodkor”da oxirgi yillarda ish strukturasi tubdan o‘zgardi. Ilgari nomdor o‘yinchilar o‘ynagan va shunga yarasha qandaydir muvaffaqiyatlarga erishgan. Endi esa o‘zining tarbiyalanuvchilariga e’tiborni oshirgan. Axir eng yaxshi akademiyalardan biri ham aynan “Bunyodkor”niki. Shuning uchun klub asosiy tarkibda o‘zining tarbiyalanuvchilari to‘p surishi uchun yo‘nalishini shunga qaratdi.

Lekin bu oson jarayon emas. Chunki yoshlarning o‘zi bilangina natijaga dabdurustdan erishish ham qiyin. Bunga xohlasak ham, xohlamasak ham vaqt kerak. “Bunyodkor”da shundayki, klub o‘z nomiga va mavqeiga ega jamoa. Yoshlarga e’tibor qaratish bilan bir qatorda o‘z imidjiga yarasha baribir sovrinli o‘rinlar uchun kurashishni ham doim o‘z oldiga asosiy vazifa qilib qo‘yadi. Bu safar ham shunday. Faqat o‘sha yoshlarning oldiga tajribali o‘yinchilar ham zarur bo‘ladi-da. Hozirda jamoada ushbu bog‘lamda biroz muammolar ko‘zga tashlanib qolyapti. Oqibatda yuzaga kelgan kamchilik klubning natijalarida o‘z aksini topyapti.

bunik1_2

Rostini aytish kerak, bu mavsumda “Bunyodkor”ning ishlari yurishib ketmayapti. Klub o‘zi istaganidek muxlislarini quvontira olmayapti. 11 ta o‘yinda maydonga tushgan “Qaldirg‘ochlar” negadir parvozini baland ko‘tara olmayapti. 3 g‘alaba, 3 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etib, 12 ochko bilan 8-o‘rinda. To‘plar nisbatiga kelsak, 12/19. Superliga jamoalari orasida darvozasidan eng ko‘p to‘p olib chiqqan klub “Bunyodkor” bo‘lib turibdi. Bunday salbiy holat ushbu jamoaga yarashmas ekan. Nima, "Bunyodkor" bedarvozami? Demak, jamoaning himoya chizig‘ida etarlicha bo‘shliqlar, etarlicha muammolar bor. Jamoa o‘yinini qurish ishlari hali tugallanmagan.

shuxa1_1

“Bunyodkor” mavsumni o‘z maydonida “So‘g‘diyona” bilan 0:0 hisobidagi durang bilan boshladi. Ikkinchi turda “Qizilqum”ga 3:1 hisobida yutqazdi. Shundan so‘ng “Qaldirg‘ochlar” ketma-ket uchta uchrashuvda g‘olib chiqdi. “Lokomotiv”, “Dinamo” va “Neftchi” klublarini tiz cho‘ktirgan “Bunyodkor” o‘zidan iliq taassurot qoldirishni boshlagandi. Lekin 6-turda o‘z maydonida “Olimpik”ni qabul qildi. O‘sha bellashuvda Superliga debyutanti o‘zidan tajribaliroq bo‘lgan “Bunyodkor”ga master-klass ko‘rsatib qo‘ydi – 1:5. Bu chindan ham ular uchun juda og‘riqli mag‘lubiyat sifatida qabul qilindi. Yuqoridagi uchta g‘alabadan so‘ng klub boshqa yuta olmayapti. Bu esa oxir-oqibat bosh murabbiyning iste’fosiga olib keldi.

bunik_6

8-turda “Bunyodkor” o‘z uyida “Metallurg”ni qabul qilib 1:1 hisobida durang o‘ynab qo‘yganidan keyin rahbariyat tomonidan bosh murabbiy Shuhrat Maqsudov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Viktor Karpenko uning o‘rnini egalladi. Shunda ham hozircha jamoaning natijalari o‘nglanmayapti. Yangi bosh murabbiy boshchiligida AGMK maydonida 0:0 hisobida durang o‘ynashdi. So‘ng o‘z maydonida “Nasaf”ni qabul qilib 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. 11-turni ham maydoni boshi egik holda tark etishdi. Bu safar “Surxon”ga yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchrashdi.

karpenko_2

“Qaldirg‘ochlar” oxirgi bor 25 aprel kuni g‘alaba qozonishgan. Mana, shundan beri “Bunyodkor” g‘alaba qozona olmay kelyapti. Balki chempionatda yuz bergan tanaffus klubning foydasiga xizmat qilar. Chunki o‘yindagi xato va kamchiliklar, ojiz nuqtalarni bartaraf etish uchun etarlicha vaqt bo‘lyapti. Karpenko jamoasi esa navbatdagi o‘yinini 21 iyun kuni o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazadi. Yozgi transfer paytida tarkib kuchaytiriladimi, degan savol ham bor.  

Aftidan, jamoa o‘yinini shakllantirish va ayniqsa, kuchaytirish zaruriyati tug‘ilganligi yaqqol bilinyapti. Albatta, futbolchilar ham Maqsudovning taktikasiga moslashgandi va endilikda Karpenkoning o‘yin uslubiga ko‘nikishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bunda ularning ijrolari va saviyalari  qanchalik asqotishi ham muhim.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!