O'zbek futbolchisi bilan ishlagan murabbiy ishdan haydaldi
Legionerimiz endi boshqa mutaxassis bilan ishlaydi
«Rubin» navbatdagi mag‘lubiyatdan so‘ng bosh murabbiy bilan xayrlashdi. Qozonliklar ispaniyalik bosh murabbiy Frank Artiga bilan shartnomani bekor qildi.
Klub rahbariyati ushbu qarorni Rossiya chempionati 12-turida o‘z maydonida «Kril'ya Sovetov»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng qabul qilgani haqida rasmiy xabar berdi.
Shu tariqa, «Rubin» Rossiya Premier-ligasida uchinchi marta ketma-ket mag‘lubiyatga uchradi. «Rubin» oxirgi olti turdan buyon chempionat doirasida g‘alaba qozona olmayapti. Rossiya chempionatida 12 turdan so‘ng qozonliklar faqat ikki bor g‘alaba qozondi, olti o‘yinni durang bilan yakunladi va to‘rt marta mag‘lub bo‘ldi. Jamoa jami 12 ochko to‘plab, turnir jadvalida 11-pog‘onada joylashgan.
Frank Artiga Qozon klubini 2026 yil yanvar oyida qabul qilib olgan edi. U bilan tuzilgan shartnoma 2027 yil yozigacha mo‘ljallangandi. Bundan avval 50 yoshli mutaxassis Rossiyada «Rodina» va «Ximki» jamoalarida faoliyat yuritgan.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov Rossiya chempionatidagi faoliyatini aynan mana shu mutaxassis qo‘l ostida boshlagan edi.
Artiga o‘zbek futbolchisining salohiyatini yuqori baholagan.
- O‘rozov biz uchun juda yaxshi variant bo‘ladi. Jahongirning yoshi 22 da, juda yaxshi jismoniy ko‘rsatkichlarga ega va kelajakda o‘sish uchun katta salohiyati bor.
Shubhasiz, u jamoamizga jiddiy yordam beradi, - degan edi Frank Artiga.
«Rubin» tomonidan Samarqandning «Dinamo» jamoasidan keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga olingan Jahongir O‘rozov yangi klubida asosiy futbolchilardan biriga aylandi. U Premier-liga va mamlakat kubogida jami 11 ta o‘yin o‘tkazdi.
Rossiya chempionatining navbatdagi turida «Rubin» o‘z maydonida Voronejning «Fakel» jamoasini qabul qiladi. Ushbu uchrashuv 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Jamoaning bosh murabbiy vazifasini endi Oleg Kuz'min bajaradi. U avvalroq murabbiylar shtabida assistent sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Izohlar (0)