O'zbekiston: Sensatsion g'alaba yaqin
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Samarqandda o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha Jahon Olimpiadasining to‘qqizinchi turidan so‘ng yana peshqadamlikka chiqdi.
O‘zbekiston terma jamoasi juda muhim bahsda AQSh jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, jami 16 ochko to‘pladi. Bu g‘alabada hal qiluvchi o‘rinni Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yakubboevning o‘yinlari egalladi. Abdusattorov Fabiano Karuana, Yakubboev esa Hans Nimann ustidan ishonchli g‘alaba qozondi.
Javohir Sindarov Uesli So bilan duelda mag‘lub bo‘ldi, Muxiddin Madaminov esa Levon Aronyanga qarshi uchrashuvni durang bilan yakunladi.
Avvalroq, oltinchi turda ham O‘zbekiston jamoasi amaldagi olimpiya chempioni — Hindiston terma jamoasini shu hisob, 2,5:1,5 bilan mag‘lub etgan edi.
To‘qqiz turdan so‘ng O‘zbekiston 16 ochko bilan musobaqa jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Undan bir ochkoga orqada Hindiston, Armaniston va O‘zbekistonning ikkinchi terma jamoasi bormoqda.
Olimpiadaning so‘ngidan bir oldingi — o‘ninchi turida peshqadam O‘zbekiston Armaniston terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi. Oltin medallarni qo‘lga kiritish uchun o‘zbekistonliklarga yana ikki uchrashuvni o‘tkazish qoldi.

Fikrlar