O‘zbekiston yangicha xalqaro musobaqada ishtirok etadi
Osiyoning eng qudratli jamoalaridan hisoblangan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi turnirda ishtirok etishi kutilmoqda.
Turkiyadagi hukmron partiya - Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari Kyurshad Zorlu har ikki yilda bir marta turkiy davlatlar milliy jamoalari ishtirokida o‘tkaziladigan «Turk kubogi» futbol musobaqasi yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda TRT Haber nashri o‘z manbasiga tayanib.
Zorluning ta’kidlashicha, Turkiya futbol federatsiyasi hamda mamlakat yoshlar va sport vazirligi barcha turkiy davlatlar terma jamoalarini bir maydonga jamlaydigan yangi musobaqani tashkil etish ustida ish boshlagan.
«Turk kubogi» deb nomlangan ushbu turnir har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Turkiya rasmiy tan oladigan va faol targ‘ib qiladigan turkiy davlatlar ro‘yxatiga Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) a’zolari va kuzatuvchilari kiradi.
Tashkilotning to‘la huquqli a’zolari sifatida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston qayd etilgan. Kuzatuvchi maqomiga esa Vengriya, Turkmaniston hamda Shimoliy Kipr ega.

Fikrlar