
OChL: "Lokomotiv"ning bugungi raqibi "Ar Rayyan" qanday jamoa? Prevyu
Bugun O‘zbekiston Superligasining amaldagi chempioni hisoblangan Toshkentning «Lokomotiv» klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 2-turida Doxada Qatarning «Ar Rayyan» jamoasi mehmoni bo‘ladi. Ushbu bellashuv oldidan "temiryo‘lchilar"ning raqibi borasida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
“Lokomotiv”ning raqibi - "Ar Rayyan"
Qatarning ushbu klubi 1967 yili Ar Rayyan shahrida tashkil etilgan. Jamoa uy o‘yinlarini 25 000 muxlisga mo‘ljallangan “Ahmed bin Ali” stadionida o‘tkazadi. Tahallusi "sherlar". Klub prezidenti Abdulla bin Hamad bin Tani. Bir necha kun avval ketma-ket uchta yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan keyin jamoa bosh murabbiyi Bulent Uyg‘un iste’foga chiqarilgandi. Endi jamoani braziliyalik mutaxassis Jilson Soza mavsum yakuniga qadar boshqaradi. U bunga qadar futbolchi sifatida ham «Ar Rayyan» sharafini himoya qilgan. Soza bosh murabbiy bo‘lishidan oldin klubning 23 yoshgacha futbolchilardan iborat jamoasiga ustozlik qilib kelayotgandi.
“Ar Rayyan” o‘tgan mavsum Qatar chempionatida 3-o‘rinni egalladi. Qatar chempionatida 8, Qatar Amiri kubogida 6, Qatar shahzodasi kubogida 4, Shayx Yassim kubogida esa 4 marta zafar quchgan.
Jamoaning Osiyo maydonlaridagi eng yaxshi natijasi 3-o‘rin hisoblanadi. 1992 yili klublar o‘rtasidagi qit’a chempionatida “Ar Rayyan” 3-pog‘onani band etgandi.
Ushbu bahsdan oldin har ikki jamoa bosh murabbiylari quyidagi fikrlarni bildirib o‘tishdi.
Andrey Fyodorov: - Doim yaxshi o‘yin ko‘rsatishni istaymiz, ammo natija qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi. Sifatli futbol namoyish etib, kerakli ochkoni qo‘lga kiritishga umid qilamiz.
«Ar Rayyan»ning birinchi turda yirik hisobda yutqazgani bizga qo‘l keladimi? Yo‘q, «Ar Rayyan» 1:5 hisobidagi mag‘lubiyatga loyiq emasdi, deb hisoblayman. O‘yinni ko‘rdik, o‘tkazib yuborilgan gollarni tasodif deyish mumkin. Bu yirik hisobga qarab, qaysidir klubning kuchi haqida gapirish noo‘rin.
Raqib bosh murabbiyi o‘zgargan, demak undan nimani kutishni bilmaymiz, har qanday syurpriz bo‘lishi mumkin. Odatda murabbiy almashinuvi jamoa foydasiga xizmat qiladi. Ba’zida esa aksincha, futbolchilar yangi mutaxassisning talablarini qabul qila olmasliklari mumkin. Shunday ekan, bu borada fikr bildirish qiyin.
Oxirgi ikkita o‘yinimizda tezkor gol urganimiz bilan hisob yirik ko‘rinishga kelgani yo‘q, ammo ertaga ham darvozani tezda ishg‘ol qilsak va bu bizga uch ochko keltirsa, faqat xursand bo‘lardim.
Jilson Soza: - Qiyin bahs bo‘ladi. «Lokomotiv»ning ba’zi o‘yinlarini ko‘rib chiqdim. Jamoada juda yaxshi futbolchilar jamlangan. Himoyadan hujumga tezkorlik bilan o‘ta oladi. Yuqori pressing qo‘llaydi. Ularga qarshi qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz, chunki keyingi bosqichga chiqishni istaymiz.
Jamoa o‘tish davrida turibdi. Ertangi bellashuvdagi asosiy rejam – shogirdlarimni kelajak uchun tayyorlash. Futbolchilar bir-birlarini yaxshiroq tushunib o‘ynay boshlashlariga erishmoqchiman. Maydonda nima qilishimiz kerakligini bilamiz.
Bu klubda uzoq yildan ishlab kelyapman. Jamoa menga begona emas. Bu borada muammo yo‘q, barchamiz do‘stlarmiz. Vaziyatni o‘zgartirish uchun mehnat qilamiz.
Fikrlar