
OKMK legioneridan voz kechdi
Xabaringiz bor, joriy yilgi mavsum avvalida qator klublarimizda yangi legionerlar paydo bo‘ldi. Ularning qandayligi, qanaqa imkoniyatga egaligi muxlis va mutaxassislarni qiziqtirishi turgan gap. Doim aytib kelamiz: xorijlik futbolchilar keladimi, shubhasiz mahalliy ijrochilardan kamida bir kalla ustun bo‘lishi kerak. O‘tgan vaqt mobaynida legionerlarning kim qandayligi borasida qisman bo‘lsa-da, tushunchalar shakllandi. Lekin hammasi emas.
Gap shundaki, Olmaliqning OKMK o‘z safiga bir qator legionerlarni qo‘shib olganini bilasiz. Ularning orasida tunislik Muhammad Ali Salim bo‘lib, fevral oyining boshlarida shartnoma imzolangandi. Lekin uni qachondir rasmiy o‘yinda ko‘rdingizmi? U faqat O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi doirasida “G‘ijduvon”ga qarshi uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi. Superligada esa tunislik 27 yoshli himoyachini ko‘rganimiz yo‘q. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatyaptiki, Muhammad Ali Salim OKMKning 6 ta o‘yinida zaxirada o‘tirdi.
Bilamizki, bosh murabbiy Mirjalol Qosimov juda talabchan va futbolchilar bilan qanday ishlashni yaxshi biladi. Biroq doim ham tanlovlar o‘zini oqlayvermasligini balki tunislik legioner misolida ko‘rayotgandirmiz. Qosimov o‘zining talabini bajarayotgan o‘yinchini hech qachon zaxirada ushlab, o‘ziga-o‘ziga dushman emas. Uzoq xorijdan kelgan futbolchini zaxirada qolishi kimga foyda? Shuning uchun bo‘lsa kerak, shartnomasi tugayotgan tunislik futbolchi bilan do‘stona ravishda xayrlashishdi.
Muhammad Ali Salim OKMKga kelgunga qadar Ukrainaning “Ingulets” klubida to‘p surgan. Shuningdek, Tunisda “Shebba”, “Metlaui”, “Bedja” kabi mahalliy jamoalar safida ham o‘ynagan. Shunday qilib, markaziy himoyachining yurtimizdagi faoliyati yakuniga etdi.
OKMK yozgi transfer vaqtida uning o‘rniga yangi legioner oladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Mirjalol Qosimov jamoasi 6 iyundan boshlab yana mashg‘ulotlarga kirishgan. Olmaliqliklarning navbatdagi uchrashuvi 24 iyun kuni safarda “Nasaf”ga qarshi maydonga tushadi. 5 iyuldan yozgi transfer oynasi ochiladi. OKMK tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini birgalikda kuzatamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar