Olimpiadaga bir yil qoldi
Olimpiada xaqida qiziqarli statistikalar, O‘zbekistonning olimpiadadagi ishtiroklari va olimpiadadagi futbol.
Xabaringiz bor, 2020 yilning 24 iyul kuni Tokioda yozgi olimpiada o‘yinlari tantanali ravishda ochiladi. Butun dunyo nigohi qaratiladigan musobaqaga roppa-rosa bir yil vaqt qoldi. Shu bois biz musobaqa va olimpiada dasturidan o‘rin olgan futbol borasida to‘xtalib o‘tamiz.
Yozgi olimpiada o‘yinlari dunyoda eng ommalashgan musobaqadir. Har 4 yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiadaga ilk marotaba 1896 yili Gretsiyaning Afina shahri mezbonlik qilgan. 14 mamlakatdan 241 atlet 9 sport turida 43 ta komplekt medallar uchun kurashishgan. E’tiborlisi, sportchilarning barchasi erkaklar bo‘lgan. Olimpiada o‘yinlari eng ko‘p London shahrida 4 bor (1908, 1944, 1948, 2012) o‘tkazilgan. Mustaqil O‘zbekiston delegatsiyasi yozgi olimpiada o‘yinlarida alohida jamoa bo‘lib qatnasha boshlaganidan buyon bir qator yurtdoshlarimiz chempionga aylanganini yaxshi bilamiz. Lina Cheryazova, Muhammadqodir Abdullaev, Artur Taymazov, Aleksandr Dokturashvili, Ruslan Nuritdinov, Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin G‘oyibnazarov oltin medal sohibi bo‘lishgan.
Futbol 1900 yildan boshlab olimpiya o‘yinlari dasturidan muntazam o‘rin olgan. Chempionlikni eng ko‘p 3 martadan Buyuk Britaniya (1900, 1908, 1912) va Vengriya (1952, 1964, 1968) terma jamoalari tantana qilishgan. To‘purarlik borasida vengriyalik hujumchi Antal Dunai va daniyalik xujumchi Sofus Nilsen etakchilik qilishmoqda. Bu ikki futbolchi hisobida 13 tadan gol bor. 2016 yili Rioda mezbon Braziliya termasi finalda penaltilar seriyasida Germaniya futbolchilarini mag‘lub etib, amaldagi chempion hisoblanadi. Ayollar o‘rtasida olimpiya o‘yinlarida futbol bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar 1996 yildan buyon aniqlanib keladi. 2016 yili Germaniya futbolchi qizlari finalda Shvetsiya termasini engib, oltin medallar bilan taqdirlanishgan. Kelasi yili 24 iyuldan 9 avgustgacha Yaponiyaning Tokio shahrida XXXII yozgi olimpiada o‘yinlarida 205 mamlakatdan sportchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Futbol bo‘yicha sovrinlar uchun 16 erkaklar va 12 ayollar terma jamoalari bahs olib borishadi. Afsuski, O‘zbekiston futbolda hozirga qadar olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan. Jahon chempionati armoni kabi, olimpiadaga borish ham doimo muammo bo‘lib kelgan. Osiyodan olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar sohiblari kelgusi yil yanvarida Tailandda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasida U-23 qit’a chempionatida aniqlanadi. Ushbu turnirda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi. Lyubinko Drulovich shogirdlariga omad yor bo‘lishini tilaymiz.


Izohlar (0)