"Oltin to‘p" sohibi vafot etdi

  • 20.07.2026 20:03
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 Angliya terma jamoasining sobiq yulduzi, ikki karra "Oltin toʻp" sohibi Kevin Kigan 75 yoshida vafot etdi. Bu haqida sportchi oilasining bayonotiga tayanib, Sky telekanali xabar berdi.

Kevin Kigan joriy yil 1 iyunida BBC Sport orqali unga saraton kasalligining toʻrtinchi bosqichi qoʻyilganini maʼlum qilgan edi.

- Juda katta alam ila maʼlum qilamizki, Kevin Kigan 75 yoshida olamdan oʻtdi. Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi va murabbiyi saratonga qarshi kurashdi va umrining oxirgi daqiqalarini rafiqasi va qizlari bagʻrida oʻtkazdi. Oila Kevinning butun davolanish jarayonida yordam koʻrsatgan ajoyib shifokorlar jamoasiga minnatdorchilik bildiradi, — deyiladi marhum oilasi bayonotida.

Futbolchi sifatida Kigan Angliyaning "Liverpul", "Nyukasl" va "Sautgempton" klublarida, shuningdek, Germaniyaning "Gamburg" va Avstraliyaning "Blekttaun Siti" jamoalarida toʻp surgan.

"Liverpul" tarkibida u uch karra Angliya chempioni, ikki karra Angliya Superkubogi va UEFA Kubogi sovrindoriga aylandi, shuningdek, bir marta Angliya Kubogi va Yevropa chempionlar kubogini qoʻlga kiritgan. "Gamburg" bilan birgalikda esa Germaniya chempionati va Germaniya Kubogida gʻolib chiqqan.

Kigan 1978 va 1979 yillarda "Oltin toʻp" mukofotiga sazovor boʻlgan. U bu sovrinni ikki marta qoʻlga kiritgan yagona ingliz futbolchisi hisoblanadi. 2022 yilda u Angliya futboli Shon-shuhrat zaliga kiritilgan.

Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Kigan murabbiylikka oʻtdi. U "Nyukasl", "Fulham" va "Manchester Siti" klublariga bosh murabbiylik qilgan, shuningdek, Angliya terma jamoasini ham boshqargan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!